O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Sergeli tuman hokimligi hamda Ma’rifiy targ‘ibot markazi hamkorligida Sergeli tumanidagi 104-maktabda "Xo‘ja Alambardor" jome masjidi imom-xatibi Ustoz Rahimberdi domla Rahmonov ishtirokida "Qipchoq" va "Saxovat" MFYda istiqomat qiluvchi ota-onalar va aholi vakillari bilan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida jaholatning jamiyat rivojiga yetkazadigan salbiy oqibatlari, ilm-ma’rifatning esa inson hayoti va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritildi. Islom dinining asl insonparvarlik tamoyillari, ilm va adolatga chaqiruvchi mohiyati haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, ota-onaga hurmat va ularga xizmat qilishning fazilati, farzand tarbiyasidagi ma’rifat va Vatanga sadoqat ruhini shakllantirishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Tadbir so‘ngida aholi tomonidan berilgan savollarga javoblar berildi.
t.me/marifiymarkaz
Kecha, 13 may kuni Madina shahriga eson-omon yetib kelgan ziyoratchilarimizning ilk guruhlarini Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, “Haj – 2025” ishchi guruhi vakillari, mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashesi Shuhrat Amoniy va boshqa mutasaddilar tomonidan tantanali ravishda katta ehtirom bilan kutib olindi.
Shuningdek, hamyurtlarimiz muhtasham “Zam-zam Pullman” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq iliq qarshi olinib, zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar va hadyalar ulashilib, gullar ila ikrom qilindi.
Ayni damda ziyoratchilarimiz mehmonxonalarga joylashib bo‘lganidan so‘ng ixlosu imon bilan ibodatlarni ado etish, xususan, Masjidu Nabaviy va Ravzai muborakni ziyorat qilishga, yaqinlari tomonidan iltimos qilingan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetkazishga oshiqmoqdalar.
Alloh taolo yurtdoshlarimizning safarlarini muborak qilib, ibodatu duolarini ijobat aylasin, Ravzai sharif ziyoratini barchamizga nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati