Bugungi kunda insoniylik, qadr-qimmat va ma’naviyat kabi oliy tushunchalarni jamiyatimizda mustahkamlashda ilmu irfon sohiblari, xususan, diniy soha ustozlari va faxriy imomlarning tutgan o‘rni beqiyos. Shu ma’noda, hududlarda ulug‘ va faxriy imomlar hamda hayot tajribasi boy ustozlarni ziyorat qilish, ularning duo-nasihatlarini eshitish, yosh avlodga ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tayotgan muhim amallardan biriga aylanmoqda.
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev boshchiligida ustozlar va faxriy imomlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Ziyorat chog‘ida ularning o‘tgan hayot yo‘li, din va jamiyat uchun qilgan xizmatlari, og‘ir sharoitlardagi sabr va matonatlari haqida samimiy suhbatlar bo‘lib o‘tdi.
Hayotdagi barcha ne’matlar, tinchlik, erkin ibodat, ilm olish kabi imkoniyatlarning qadrini anglashda o‘tmishdagi og‘ir sinov va qiyinchiliklarni eslash, ulardan saboq chiqarish juda muhim. Ziyorat chog‘ida ustozlar o‘z hayotlaridagi shunday davrlar haqida so‘z yuritar ekanlar, “Bugungidek sharoit bizga nasib bo‘lmagan, yoshlar esa ne’matlar qadriga yetishlari lozim”, degan fikrlarini bayon etdilar.
Ular o‘z nasihatlarida shukronalikni hayot shiori qilish, insonning o‘z ahvoliga rozi bo‘lib, biror ne’mat berilar ekan, undan ilm va amal bilan foydalanish kerakligini ta’kidladilar.
Shuningdek, masjidlarda faoliyat qilayotgan imomlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etarkanlar, ularga doimiy izlanishda, pok niyat va xolislik ila xizmat qilish lozimligi haqida pandu nasihatlar qilishdi. Bunday so‘zlar har bir yosh imomning qalbida mas’uliyat tuyg‘usini kuchaytirishi, shubhasiz.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi “To‘xtaboy” jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari dastlab yig‘ilgan jamoatni yaqinlashib kelayotgan Rabiul-avval oyi va juma ayyomi bilan muborakbod etib, “Sarvari olam siyratlaridan saboq olish mavsumi!” mavzusida ma’ruza qildilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari suhbat davomida mo‘min-musulmonlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan Rabiul-avval oyida u zot alayhissalomning siyratlarini o‘rganish, go‘zal xulqlaridan namunalar olishga e’tibor berishi lozimligini ta’kidladilar.
Ma’ruza asnosida Qur’oni karimdagi: “(Ey, iymon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir” (Ahzob surasi, 21) oyati karimasi hamda “Sizlardan birortangiz men unga bolasidan, ota-onasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha, mo‘mini komil bo‘la olmaydi” (Imom Buxoriy rivoyati), degan mazmundagi hadis sharhlab berildi.
Xulosa o‘laroq mavlid oyida oila davrasida siyratga oid kitoblarni mutolaa qilib, farzandlar qalbida Rasululloh alayhissalomga muhabbatni uyg‘otish go‘zal amallar sirasiga kirishi aytib o‘tildi.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchligi va farovonligi, yaqinlashib kelayotgan Mavlid oyini xayrli va barakali bo‘lishini so‘rab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati