Xabar berganimizdek, bugun Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” intellektual bellashuvining Respublika bosqichi boshlandi.
Musobaqada O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalaridagi saralashdan o‘tgan talabalar ishtirok etmoqda.
Tadbir Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.
Bellashuv Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish va uni targ‘ib qilishga qaratilgan. Ishtirokchilar moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari va aqidaviy yechimlari bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyon etishmoqda.
Bu musobaqa — ilm, ma’rifat va sof e’tiqodni mustahkamlovchi muhim voqelik!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
#xabar #haj2025
Ayni kunlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Makka shahrida bo‘lib turgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va vodiy viloyatlarining bo‘lg‘usi hojilarilariga suhbatni qilib berdilar.
Muftiy hazratlari ma’ruza avvalida ziyoratchilarimizga bu diyorda Haq taolo vahiy nozil qilgani, Rasul alayhissalom, sahobalar yashaganlari, shu bois bu yerning hurmatini saqlash, shukr va zikrni ko‘paytirish, toat-ibodat, yaxshiliklarda bardavom bo‘lish, gunoh-ma’siyatlardan esa butunlay saqlanish lozimligini bayon etdilar.
Dildan qilingan suhbat chog‘ida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Haq taolo O‘zining ibodatiga chaqirgan barcha bandalarini yaxshi ko‘rishi, Robbimiz muqaddas makonda duoga ochilgan qo‘llarni quruq qaytarishdan hayo qilishi, shu bois duolarni ko‘p va xo‘p qilishi kerakligi, bunda ona-Vatanimiz, davlatimiz Rahbari va yurtdoshlarimizni-da unutmaslikni alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, Muftiy hazratlari mabrur haj, ya’ni hech qanday gunoh aralashmagan, qabul bo‘lgan haj qanday bo‘lishi, bunda tavba, ixlos, halol-pok mol, ehromning talablariga amal qilish, ibodatni chiroyli ado qilish, zikru tasbehni ko‘paytirish lozimligiga urg‘u qaratdilar.
Suhbat so‘ngida qalblari yorishib, ko‘zlari namlangan ziyoratchilarimiz Muftiy hazratlarining barchaning haji mabrur bo‘lishi, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, ertamiz egalari bo‘lgan farzandlarimizning baxtu iqbolini so‘rab qilgan duolariga omin, deya qo‘l ochdilar.
Ayni kunlarda Makka shahridagi mehmonxonalarda ulamolar, imom-xatiblar va ellikboshilar tomonidan haj ibodatiga oid ilmiy-ma’rifiy suhbatlar hamda savol-javoblar davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati