Bugun, 6 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Toshkent viloyatining Piskent tumani “Piskent” jome masjidida amaliy tadbir o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov va vakillik xodimlari, viloyat tuman va shaharlarining bosh imom-xatiblari hamda otinoyilari, shuningdek, “Haj-2024” ziyoratchilari, mahallalar raislari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda imom-xatib hamda otinoyilarning “Haj – 2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish ishiga ko‘maklashish, tumandagi masjidlar faoliyati o‘rganish, peshin namozida masjidlarda dolzarb mavzuda ma’ruza qilish kabi masalalar muhokama qilindi.
Shu maqsadda Ishchi guruh a’zolari Piskent tumanining masjidlari hamda 20 ta mahallasiga biriktirilib, xonadonlarga kirilib, turli yo‘nalishlar bo‘yicha suhbatlar o‘tkazildi.
Xususan, imom-xatiblar 100 ta oilaga, otinoyilar 14 ta oilaga, umumiy hisobda 114 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlari olib bordilar.
Shuningdek, er-xotin, aka-uka, ota-bola, qaynona-kelin, o‘rtasidagi kelishmovchilik va janjallar sababli notinch bo‘lib turgan oilalar o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Notinchlik sabablarini bartaraf etish, arazlashganlarni yarashtirish choralari ko‘rildi. Oilaviy ajrimlarning oldini olishga harakat qilindi. Shuningdek, nogiron va kasalmand fuqarolar yashaydigan oilalarga kirilib, ulardan ko‘ngil so‘raldi.
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Piskent tumanida masjidlardagi kamchiliklarni bartaraf etish, imom-xatiblarning ma’naviy-ma’rifiy hamda masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati