Shu yil 8 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida vakillik tasarrufidagi masjid imom-xatiblari o‘rtasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” nomli intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov kirish so‘zi bilan ochib, bellashuvning ma’naviy, ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari Otabek domla Avezovga esa tanlov tartib-qoidalarini tushuntirdi.
Bellashuv quyidagi to‘rt shart asosida o‘tkazildi:
1. Taqdimot sharti
2. Moturidiy ta’limoti bo‘yicha savol-javob;
3. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatiga oid savol-javob;
Tanlov ishtirokchilari moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari, aqidaviy yechimlari va mantiqiy-ilmiy asoslari yuzasidan o‘z bilimlarini namoyon etdi.
Bellashuv yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:
• 1-o‘rin: Moturidiy me’rosxo‘rlari;
• 2-o‘rin: E’tiqod durdonalari;
• 3-o‘rin: Aqida imomlari.
Mazkur tanlov Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish va bu orqali sof e’tiqod, ilm va ma’rifat asoslarini jamiyatda mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Men begona joyda mehmonxonaga joylashdim. Shoshilib, e’tiborsizlik bilan namozni qiblaga teskari tarafga qarab o‘qib qo‘yibman. O‘qib bo‘lganimdan keyin tushundim, shu namozimni hukmi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu holatda, siz namozingizni qaytadan o‘qishingiz lozim bo‘ladi. Chunki qibla qaysi tarafdaligini bilmagan odam, shu yerlik qiblani biladigan (musulmon, aqli raso, oshkor gunohlardan tiyilgan) kishidan so‘rab, namoz o‘qishi lozim. Agar shu holatda qiblani biladigan kishi topilmasa, kechasi odamlarning eshigini taqillatib yurmaydi. Balki bor imkoniyatini ishga solib, qiblani topishga harakat qiladi. Qalbi bilan bir tomonni qibla, deb qasd qilib namozini o‘qiydi. Garchi qiblani to‘g‘ri topolmagan bo‘lsa ham, uning namozi durust bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi