Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
"O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida"gi qonun 1992 yil 2 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X-sessiyasida qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi quyidagi ko‘rinishga ega: tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi.
Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo‘lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan.
Gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida "O‘zbekiston" deb yozib qo‘yilgan.