frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

14.05.2025   11551   4 min.
Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Kengash a’zolari to‘g‘ridan to‘g‘ri va onlayn tarzda ishtirok etishdi. Dastlab, London qirollik kolleji Arxeologiya bo‘limi ilmiy xodimi, doktor Miliana Radivoyevich Namangan viloyatidagi Axsikent mavzeida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasi bilan tanishtirdi.

 

 

Miliana Radivoyevich uzoq yillarda beri mamlakatimizda olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarda faol ishtirok etib keladi.

— Axsikent dunyodagi eng qadimiy metallurgiya markazlaridan biri hisoblanadi. Men o‘zbekistonlik, kiprlik va buyuk britaniyalik hamkorlarimiz bilan birga Axsikentda ilk o‘rta asrlarda metallurgiya yuqori darajada rivojlanganini aniqladik. Jumladan, islom olamining dastlabki davrida tayyorlana boshlagan mashhur Damashq qilichlari ham aynan Axsikentda qazib olingan va qayta ishlangan po‘latdan foydalanganini isbotladik. Nasib etsa, Markazning ochilishi marosimida bu tarixiy voqeani alohida medialoyiha sifatida taqdim etamiz, — dedi u.

 

ITSM xalqaro aloqalar bo‘limi mutaxassisi Yekaterina Soboleva Kengash a’zolarini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tantanali ochilishi marosimi konsepsiyasi bilan tanishtirdi. Unda ushbu marosim doirasidan joy olgan tadbirlar, “O‘tmishning boqiy merosi – buyuk kelajak asosi” mavzusidagi IX kongress kun tartibi, ishtirokchilar ro‘yxati, Imom Buxoriy majmuasining yangi binosi va innovatsion muzeyi singari qator  masalalar o‘rin olgan.

 

 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Markazning ochilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan Xalqaro ko‘rgazma, xorijdan olib kelinadigan qo‘lyozmalar, eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Xorijiy mamlakatlardagi qator muzey va kutubxonalar, shaxsiy kolleksiyalar rahbarlarning ushbu ko‘rgazmasidagi ishtiroki bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilayotganini qayd etdi. 

 

— Biz 25 aprel-2 may kunlari Buyuk Britaniyaning “Sotbis” va “Kristis” auksionlaridan O‘zbekiston madaniy merosiga oid 46 ta lotni saraladik, — dedi Markaz rahbari. — Ayni paytda ularni sotib olish va O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha muzokaralar davom etyapti. Biz bu tarixiy merosni qaytadan qo‘lga kiritayotganimizni jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazishimiz kerak. Shu bois, Buyuk Britaniya va Fransiyada shu masalada xalqaro tadbirlar o‘tkazishni rejalashtiryapmiz.

 

 

Kengash a’zolari tomonidan ushbu yirik anjumanlarga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlar ro‘yxati ham taqdim etildi. Kengaytirilgan ilmiy kengash a’zolari tomonidan ushbu xalqaro tadbirlarda ishtirok etadigan o‘zbekistonlik olimlar va ekspertlar ro‘yxati tasdiqlandi. 

 

Kengash davomida, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Alisher Egamov O‘zbekistonning turli hududlaridagi muzey fondlaridan Markaz ekspozitsiyasida namoyish qilish uchun to‘plangan tarixiy eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Mart-aprel oyida joylarga uyushtirilgan ekspeditsiyalar natijasida 1500 dan ortiq tarixiy eksponatlar aniqlangan. Mamlakatimiz tarixining turli davrlariga mansub bu tarixiy buyumlar orasidan saralanganlari Markazning ochilishi munosabati bilan o‘tadigan xalqaro ko‘rgazmadan joy oladi.

 

Shuningdek, Markaz ekspozitsiyasi uchun 2-toifali medialoyihalarning ilmiy-amaliy materiallar bazasini yaratish masalasi ham kun tartibiga qo‘yildi. Boshqa bir qator masalalar bo‘yicha Kengash a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Kengash uchrashuvida Markaz hamda O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati qo‘shma loyihasi - "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi kitob-albomlarning 81-90 jildlarini nashr qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, nashrga tayyorlanayotgan yettita sovg‘abop kitob-albom haqida ma’lumot berildi.

 

Bundan tashqari uchrashuvda Kengash a’zolari Qur’oni karim zalining yangi dizaynini ham tasdiqlashdi.

 

— Qur’on zali binoning markaziy qismidan o‘rin olgani uchun uning dizayniga alohida e’tibor berilyapti, — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi boshlig‘i Azimjon G‘afurov. — Biz Kengash a’zolari e’tiboriga Hazrati Usmon Qur’oni joylashtiriladigan ayvon ustida joylashadigan nurli installyatsiyaning ikki xil ko‘rinishini taqdim qildik. Yig‘ilishda eng maqbul variant tanlandi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga navbatdagi tashrifi chog‘ida xalqaro hamkorlar, jumladan, dunyoning yetakchi muzeylari, kutubxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Markaz binosining ikkinchi qavatini xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari uchun xonalar ajratish, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi uchun alohida yangi bino qurish to‘g‘risidagi qarorning muhim bandlaridan biri bo‘ldi. Qirqqa yaqin asosiy hamkor davlatlar mavjud. Markazning ikkinchi qavatida ularning faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, zamon talabi darajasida tashkil etish O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining navbatdagi kengaytirilgan ilmiy kengashi jarayonida alohida ta’kidlandi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Imom Buxoriy" ordeni — yuksak ehtirom ramzi!

28.08.2026   7811   2 min.

Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.

Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!

Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan  O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.

Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.

Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.

Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.

Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).

Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.

Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari