O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Madinai munavvara shahridagi «Zamzam Pullman» mehmonxonasida bo‘lib turgan ziyoratchilar bilan suhbatlashdilar. Yurtdoshlarimizdan sog‘liklari, kayfiyatlari, ibodatlarini qanday ado etayotganlari, mehmonxonadagi sharoitlar haqida fikr-mulohazalarini so‘radilar.
Bo‘lajak hojilar ziyorat va ibodatlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlardan nihoyatda mamnunligini bildirishdi. Ayniqsa, mehmonxona Harami sharifga juda yaqinligi yoshi ulug‘ kishilar uchun ham qulay bo‘layotgani, besh mahal namozni Masjidi Nabaviyda ado etishning shukuhi haqida so‘zladilar. Malakali imom-xatiblardan tashkil topgan ellikboshilar, ishchi guruhi, shifokorlar tunu-kun shay turishganini alohida e’tirof etishdi.
Muqaddas zaminda toat-ibodatlarini xotirjam bajarayotgan ziyoratchilar yaqinlari, oila a’zolari qatorida tez-tez el-yurtimiz, davlatimiz rahbari va boshqa mutasaddilar haqlariga duolar qilib, ofiyat va farovonligimiz bardavomligini Allohdan so‘rashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Abu Aliy Ro‘zboriyning qizlari Aziza ummu Ayman munojotlarida bunday der ekan: “Qanday qilib huzuringdagi narsaga ishqiboz bo‘lmayin, axir qaytar joyim Sen-ku! Qanday qilib Senga muhabbat qilmayin, axir nimaiki yaxshilik bo‘lsa, Sen tarafdan keladi-ku! Qanday qilib Senga oshiqmay, O‘zing shavqimni oshirgan bo‘lsang!”.
Boshqa bir ayol Allohga iltijosida bunday der ekan: “Allohim, Podshohim! Sen taraf otlanmaganning yo‘li na qadar tor-a! Sen bilan suhbatdosh bo‘lmaganning holi qandayin qo‘rqinchli-a!”.
Burda rahmatullohi alayh tun zimistonida: “Odamlarning ko‘zlari tindi, chuqur uyquga ketdi. Hamma oshiq o‘z ma’shuqi birla yolg‘iz qoldi. Men ham Sen bilan birga xilvat ichraman, Habibim! Sening muhabbating qalbimda bo‘lar ekan, meni azoblarmiding?!” – der ekan.
Naqish binti Solimning munojotlari: “Ey tunda ibodat qiluvchilarning Habibi! Berish qashshoq qilib qo‘ymaydigan Zot! Sermuruvvat Zot! Sening visolingga yetishishimga bo‘lgan ishonchimni orttir! Ziyofating meni jahannamdan qutqarish bo‘lsin! O‘z roziliging birla ko‘zlarimni quvonchga to‘ldir!”.
Mansur ibn Ammor aytadi: “Men bir seribodat kishining tunda Robbiga iltijo qilib, bunday deyayotganini eshitdim: “Izzating va buyukliging haqqi, men ma’siyatim orqali Senga qarshi chiqishni xohlamaganman. Sening g‘azabingga duch bo‘lmoqchi emas edim. Lekin nima qilay, nafsim shu gunohlarni ziynatlab ko‘rsatdi. Gunohlarimni parda ortida tutganing meni aldab qo‘ydi va natijada gunohga qo‘l urdim, bu nodonligimdandir. Ana endi azobingdan meni kim ham qutqara olardi, agar Sen o‘z arqoningni mendan uzsang, kimning arqonidan tutaman?! Vooh, erta qarshingda turishga xijolatman, qanday qilib huzuringda turaman?!”.
Robiya Adaviya tunning barcha qismida namoz o‘qir edi. Tong vaqti kirgach namoz o‘qigan joyidayoq ozgina mizg‘ib olar va kun chiqib ketib qolardi, keyin: “Ey nafsim, qancha, yana qancha uxlaysan?! Kimning qarshisida turasan?! Sen bu ketishda uyqudan qiyomat qoim bo‘lganida uyg‘onadiganga o‘xshaysan”, der edi.
Ajarva ismli soliha bir ayol sahar paytigacha tuni bilan namoz o‘qib chiqardi. Sahar paytida xomush bir ovozda: “Sen tunda ibodat qilish bobida obidlardan o‘zib ketishing kerak. Ular Allohning rahmati va fazlida sendan o‘zayaptilar. Robbim! Sendan so‘rayman boshqadan emaski. Sen tarafga chopuvchilar ichida eng oldingi saflarda qilishingni so‘rayman. Meni O‘zingga yaqin bandalaring darajasiga ko‘tarishingni so‘rayman. Solihlarga ergashtirishingni so‘rayman. Seningdek saxiy Zot yo‘q. Sen kabi rahm qiluvchi yo‘q!” der va sajdaga yiqilar edi. Sajdada yana Allohga iltijo qilar, yig‘lar edi va shu zaylda tong otardi. U o‘ttiz yil mobaynida shunday munojot qildi”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.