Vafot etganingizdan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bir necha soat o‘tib, siz uchun yig‘layotgan odamlarning yig‘isi to‘xtaydi. Yaqin qarindoshlaringiz ham hayot tashvishlariga ovunadi.
Ko‘p o‘tmay, rahbaringiz o‘rningizga boshqa xodim topadi. Yaqinlaringiz, farzandlaringiz ishga, tirikchilik tashvishiga tushib ketadi.
Bir oy o‘tgandan so‘ng turmush o‘rtog‘ingiz ham sizni kamroq eslay boshlaydi. Ha, odam o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra tezroq unutiladi.
Modomiki, odamlar sizni shunchalar tez esdan chiqarar ekan, bu o‘lchovli umringizni kim yoki nima uchun sarflamoqdasiz? Bir umr “Odamlar nima derkin?” deb yashab o‘tmayapsizmi? Yashashdan maqsadingiz nima o‘zi?
Bir lahza tin olib, shular haqda o‘ylab ko‘ring. Bu olamga keltirilish sababingiz haqida mulohaza yuriting. Yaqinlaringizni hayotlik chog‘ida qadrlangki, vaqti yetganda qadr topasiz. Alloh taolo O‘zi rozi bo‘ladigan hammamizga mazmunli hayot, xayrli oqibat nasib etsin!
Akbarshoh Rasulov
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining Modul ta’lim tizimida yangi o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
12 sentyabr kuni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov talabalar uchun «Xatoba» (notiqlik san’ati) fanidan ilk darsni o‘tib berdi.
Mashg‘ulot davomida ustoz va’z-nasihat qilish san’ati, minbar odoblari, tinglovchi bilan jonli muloqot o‘rnatish sirlari hamda bugungi kun imom-xatibi zimmasidagi mas’uliyatli vazifalarga alohida to‘xtaldi. Notiqlik mahoratiga oid nozik jihatlar hayotiy va amaliy misollar orqali ochib berildi.
Qizg‘in va samimiy ruhda o‘tgan dars so‘nggida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati