Vafot etganingizdan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bir necha soat o‘tib, siz uchun yig‘layotgan odamlarning yig‘isi to‘xtaydi. Yaqin qarindoshlaringiz ham hayot tashvishlariga ovunadi.
Ko‘p o‘tmay, rahbaringiz o‘rningizga boshqa xodim topadi. Yaqinlaringiz, farzandlaringiz ishga, tirikchilik tashvishiga tushib ketadi.
Bir oy o‘tgandan so‘ng turmush o‘rtog‘ingiz ham sizni kamroq eslay boshlaydi. Ha, odam o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra tezroq unutiladi.
Modomiki, odamlar sizni shunchalar tez esdan chiqarar ekan, bu o‘lchovli umringizni kim yoki nima uchun sarflamoqdasiz? Bir umr “Odamlar nima derkin?” deb yashab o‘tmayapsizmi? Yashashdan maqsadingiz nima o‘zi?
Bir lahza tin olib, shular haqda o‘ylab ko‘ring. Bu olamga keltirilish sababingiz haqida mulohaza yuriting. Yaqinlaringizni hayotlik chog‘ida qadrlangki, vaqti yetganda qadr topasiz. Alloh taolo O‘zi rozi bo‘ladigan hammamizga mazmunli hayot, xayrli oqibat nasib etsin!
Akbarshoh Rasulov
Shu yilning 16–18 aprel kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va vatandoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish maqsadida Rossiya Federatsiyasida xizmat safarida bo‘ladi.
Safar doirasida:
diniy idoralar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash;
imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish;
o‘zaro tajriba almashish;
ta’lim dargohlarida bo‘lish;
jome masjidlar faoliyati bilan yaqindan tanishish kabilar reja qilingan.
Shuningdek, Moskva shahrida o‘qish yoki ish bilan yurgan hamyurtlarimiz bilan muloqotlar qilish, ularning fikr-mulohazalarini tinglash va e’tiqod sog‘lomligiga qaratilgan suhbatlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati