Vafot etganingizdan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bir necha soat o‘tib, siz uchun yig‘layotgan odamlarning yig‘isi to‘xtaydi. Yaqin qarindoshlaringiz ham hayot tashvishlariga ovunadi.
Ko‘p o‘tmay, rahbaringiz o‘rningizga boshqa xodim topadi. Yaqinlaringiz, farzandlaringiz ishga, tirikchilik tashvishiga tushib ketadi.
Bir oy o‘tgandan so‘ng turmush o‘rtog‘ingiz ham sizni kamroq eslay boshlaydi. Ha, odam o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra tezroq unutiladi.
Modomiki, odamlar sizni shunchalar tez esdan chiqarar ekan, bu o‘lchovli umringizni kim yoki nima uchun sarflamoqdasiz? Bir umr “Odamlar nima derkin?” deb yashab o‘tmayapsizmi? Yashashdan maqsadingiz nima o‘zi?
Bir lahza tin olib, shular haqda o‘ylab ko‘ring. Bu olamga keltirilish sababingiz haqida mulohaza yuriting. Yaqinlaringizni hayotlik chog‘ida qadrlangki, vaqti yetganda qadr topasiz. Alloh taolo O‘zi rozi bo‘ladigan hammamizga mazmunli hayot, xayrli oqibat nasib etsin!
Akbarshoh Rasulov
Bugun, 28 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston musulmonlari idorasida xalqaro miqyosdagi tajvid ustozi, o‘n qiroat ilmi bo‘yicha dunyoning eng ko‘zga ko‘ringan ulamolaridan biri – doktor Shayx Ayman Suvayd hazratlarining yurtimizdagi qiroat ilmi ustozlari uchun mahorat darslari boshlandi.
Ushbu maxsus o‘quvlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari hamda «Qur’oni karim va tajvid» kurslarining pedagog-o‘qituvchilari ishtirok etmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – yurtimizdagi tajvid muallimlarining kasbiy mahoratini oshirish va bu boradagi ilg‘or xalqaro standartlarni yurtimiz diniy ta’lim tizimiga keng joriy qilishdir.
Darslar Shayx Ayman Suvaydning 40 yillik ilmiy izlanishlari mahsuli bo‘lgan va butun dunyoda keng ommalashgan «at-Tajvid al-Musovvar» (Suratli tajvid) asari asosida olib borilmoqda.
Mashg‘ulotlar tizimli va yangicha uslublarda tashkil etilmoqda: kunning birinchi yarmida olim tomonidan tajvid qoidalari bo‘yicha chuqurlashtirilgan nazariy bilimlar va qoidalar tushuntirilmoqda. Kunning ikkinchi yarmida esa tinglovchilar o‘zlashtirgan bilimlari bo‘yicha bevosita ulamoning o‘ziga vazifalar topshirmoqda. Bu esa har bir qoidaning to‘g‘ri va benuqson o‘zlashtirilishini kafolatlaydi.
Soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirish va xalqaro tajribani ommalashtirishga qaratilgan maxsus o‘quvlar davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati