Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ مُسْلِمِ بْنِ عَبْدِ اللهِ الْحَنَفِيِّ قَالَ: بِرَّ وَلَدَكَ فَإِنَّهُ أَجْدَرُ أَنَّ يَبَرَّكَ فَإِنَّ مَنْ شَنَأَ عَقَّهُ وَلَدُهُ
Muslim ibn Abdulloh Hanafiydan rivoyat qilinadi: “Bolangga yaxshilik qil. Shunda u senga yaxshilik qiladi. Kim yomonlik qilsa, bolasi unga oq bo‘ladi”.
Bolang kichikligida sen unga yaxshilik qilib, tarbiyasini va muomalasini yaxshi qilgin, qariganingda u senga yaxshilik qaytaradi. Ammo kim yoshligida farzandiga yomonlik qilib yurgan bo‘lsa, qariganida farzandidan ko‘radi.
Ota-ona o‘zining farzandi oldidagi majburiyat va mas’uliyatini sharaf bilan ado etib qo‘ysa, qariganida albatta qilgan yaxshiliklari bolasidan qaytadi.
Xuddi shu ma’noga o‘xshash yana bir gap bor. Kim yoshligida ota-onasiga yaxshilik qilsa, qariganida unga ham bolasi yaxshilik qiladi. Bu holat aksincha bo‘lishi ham mumkin.
Otamiz rahmatli shu ma’nodagi hikoyani bir necha marta takrorlaganlarining guvohi bo‘lganmiz.
Shunday ekan, har bir kishi ota-onasiga ham, farzandiga ham doimo yaxshilik qilish payidan bo‘lishi kerak. Qisqasi, har kimga shariat tomonidan berilgan haqning rioyasini qilish lozim.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari 2026 yil 5 yanvar kuni Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud nomidagi Hadisi sharif akademiyasi Ilmiy Kengashiga a’zo bo‘ldilar.
Bu quvonchli voqea Yangi O‘zbekistonda davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning xalqaro darajadagi yuksak e’tirofi bo‘lib, Muftiy hazratlarining din rivoji, ummat saodati va xalqlar hamjihatligi yo‘lidagi xizmatlariga berilgan yuksak bahodir.
Zero, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi yirik hadis ilmi olimlari – buyuk muhaddislar zaminidagi ulamoning Islom olamidagi eng nufuzli muassasa hisoblangan Hadisi sharif akademiyasi a’zoligiga qabul qilinishi haqli e’tirofdir. Yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar natijasida, kelgusida yana buxoriylar, termiziylar yetishib chiqadi, insha Alloh.
Ushbu xalqaro akademiya Muftiy hazratlari a’zo bo‘lgan oltinchi xalqaro tashkilot bo‘lib, bundan avval (https://www.forumforpeace.net/ar/home)Abu Dabi tinchlik forumi (BAA, 2023 y.), Xalqaro musulmon ulamolari kengashi (https://t.me/muslimuzportal/34021) (Qatar, 2023 y.), Musulmon donishmandlar kengashi (https://t.me/muslimuzportal/36463) (BAA, 2024 y.), Islomiy fiqh akademiyasi (https://t.me/muslimuzportal/37344) (Saudiya Arabistoni, 2024 y.) va Islom olami uyushmasi (https://t.me/muslimuzportal/37365) (Saudiya Arabistoni, 2024 y.) a’zoligiga qabul qilingan edilar.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, akademiya hadislarni jamlash, tasniflash, tadqiq etish, nashr qilish va mazkur yo‘nalishlarda o‘quv dasturlari va kadrlar tayyorlash, anjumanlar, musobaqalar o‘tkazish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, xalqaro hamkorlik qilishga e’tibor qaratadi. Shuningdek, tashkilot dinda chuqur ketish, mutaassiblik kabilardan qaytaradi va mo‘tadillikka targ‘ib etadi.
Akademiya 2017 yilda Podshoh Salmon farmoni bilan tashkil etilgan bo‘lib, qarorgohi Madina shahrida joylashgan. Mazkur akademiya va uning huzuridagi Ilmiy Kengashga Saudiya Arabistoni yirik Ulamolar Hay’ati a’zosi Shayx Muhammad ibn Hasan Oli Shayx rahbarlik qiladi.
Qayd etish kerakki, Muftiy hazratlarining ushbu nufuzli tashkilotga a’zo bo‘lishlari Alloh taoloning irodasi bilan 35 yildan ziyod vaqt mobaynida Islom dini ma’rifatini keng yoyish va mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlashdagi mehnatlari samarasidir. Faoliyatlariga oid batafsil ma’lumot bilan quyidagi havola (https://muslim.uz/oz/e/post/44277-xalq-saodati-vatan-ravnaqi-va-din-rivoji-yo-lidagi-xizmatlar-mukofoti-2) orqali tanishish mumkin.
Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga Hadisi sharif akademiyasidagi faoliyatlarida Alloh taolodan kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati