Sayt test holatida ishlamoqda!
18 May, 2025   |   20 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:02
Peshin
12:24
Asr
17:26
Shom
19:41
Xufton
21:11
Bismillah
18 May, 2025, 20 Zulqa`da, 1446
Yangiliklar

Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi

16.05.2025   9630   1 min.
Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi

Bugun, 16 may kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov Tayloq tumanidagi “O‘rta” masjidga bordi. Domla juma namozidan oldin “Kamtarga kamol, manmanga zavol” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza qildi.


Ma’ruzada insonning ichki kamolotga erishishida kamtarlikning naqadar muhim ekani, manmanlik va kibr kabi xulqlarning inson va jamiyat uchun keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Islom axloq-odobining oliy qoidalari, nafsni tarbiyalash, jamiyatda o‘zaro hurmat va insofni qaror toptirish kabi mavzular keng yoritildi.


Juma namozini o‘qish asnosida yurt tinchligi, el-yurt farovonligini so‘rab duo qildilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Allohning yordami yaqin

16.05.2025   3628   3 min.
Allohning yordami yaqin

Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].

Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.

“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.

Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu  anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.

Shoir aytadi:

Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.

 Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:

– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Baqara surasi, 214-oyat.
[2]  Yusuf surasi, 83-oyat.