Shu yil 19 may kuni mamlakatimizga kelgan Qatar vaqf va islom ishlari vaziri o‘rinbosari Muhammad al-Kavvariy boshchiligidagi delegatsiyani Diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov qabul qildi.
Muloqotda O‘zbekiston va Qatar aloqalari rivojlanayotganiga to‘xtalish barobarida yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi so‘nggi islohotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, masjid-madrasalar, Fatvo markazi, Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari, nashriyot-matbaa ishlariga oid ma’lumotlarga delegatsiya vakillari qiziqish bildirdi.
Muhammad al-Kavvariy bu zamin dunyo tamadduni markazlaridan biri ekani, ulug‘ mutafakkirlarimiz bashariyat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgani, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi allomalar dinimiz rivojiga katta hissa qo‘shish barobarida butun olamga mashhurligini e’tirof etdi.
Uchrashuv davomida ikki davlat mutaxassislari ishtirokida qo‘lyozmalarni o‘rganish, tadqiq etish va ularni chop etish, diniy ta’lim, ziyorat turizmi yo‘nalishida hamkorlik qilish va boshqa masalalar muhokama etildi.
Yuqorida bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar asosida amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro kelishib olindi.
Mehmonlar Diniy idora Kutubxona fondidagi noyob va nodir asarlar bilan tanishish asnosida Mo‘yi muborak madrasasida joylashgan hazrati Usmon Mus'hafini ham ziyorat qilishdi.
Ma’lumot o‘rnida bundan bir oy muqaddam mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Qatar vaqf va islom ishlari vaziri G‘anim bin Shahin al-G‘anim bilan yurtimizning diniy soha rahbarlari uchrashuv o‘tkazgan edi. https://t.me/muslimuzportal/41058
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Yurtimizdagi jome masjidlarda 2025 yil 6 iyun juma kuni Qurbon hayiti namozi o‘qiladi. Unga ko‘ra, Toshkent shahridagi jome masjidlarda ertalab soat 05:10 da Qurbon hayiti namozi o‘qiladi.
Respublikamiz hududlarida Qurbon hayiti namozi jome masjidlarda quyidagi vaqtlarda ado etiladi:
Andijon 05:00
Namangan 05:00
Farg‘ona 05:00
Toshkent sh. 05:10
Toshkent v. 05:10
Sirdaryo 05:20
Jizzax 05:20
Samarqand 05:20
Surxondaryo 05:25
Qashqadaryo 05:25
Navoiy 05:30
Buxoro 05:30
Xorazm 05:45
Qoraqalpog‘iston Res. 05:50
Ushbu jadvalda ko‘rsatilgan vaqtlar quyosh chiqqanidan keyin 15-20 daqiqalik farqni inobatga olib belgilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati