O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston va Indoneziyaning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida «Islomiy merosni qayta jonlantirish: zamonaviy musulmon dunyosida aqidaviy o‘zlik, ma’naviy mo‘tadillik va ekologik amaliyot» mavzusida xalqaro ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Seminar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Indoneziyaning LPTNU–PBNU, UNUSIA, UNU Yogyakarta, UNUGIRI va IPMAFA kabi nufuzli ilmiy-ta’lim muassasalari hamkorligida tashkil etildi.
Anjumanda Imom Moturidiyning boy ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotidagi aqidaviy masalalari, diniy tafakkur, ma’naviy mo‘tadillik, shuningdek, islomiy merosning zamonaviy jamiyatdagi ahamiyatiga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi.
Xususan, indoneziyalik tadqiqotchi doktor Sahal Mahfudh Imom Moturidiyning «Ta’vilot al-Qur’on» asaridagi qiroat talqinlarining lingvistik xususiyatlari hamda ularning aqidaviy va fiqhiy yondashuvlarga ta’siriga bag‘ishlangan tadqiqotini taqdim etdi.
Doktor Sahal Mahfudh O‘zbekiston bilan yo‘lga qo‘yilgan ilmiy hamkorlikka alohida to‘xtalib, shunday dedi:
«O‘zbekiston islom ilmlari, xususan, Imom Moturidiy merosini o‘rganish bo‘yicha katta ilmiy salohiyatga ega. O‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan tadqiqotlar bizga yangi ilmiy manbalar bilan ishlash, turli yondashuvlarni o‘rganish va tajriba almashish imkonini bermoqda. Bunday ilmiy muloqot O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi akademik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb ishonamiz».
Shuningdek, doktor Nur Hidaya, Ls., M.A. Imom Moturidiyning «Kitob at-Tavhid» asari asosida aqidaviy o‘zlikning shakllanishi, turli qarashlar bilan ilmiy muloqot olib borish uslubi hamda asardagi nazariy yondashuvlar xususida ma’ruza qildi.
Doktor Nur Hidaya:
«O‘zbekistonda Imom Moturidiy va boshqa buyuk allomalar merosini o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor bizda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan bevosita ilmiy muloqot qilish, manbalar ustida birgalikda ishlash va fikr almashish tadqiqotlarimiz uchun muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston va Indoneziya olimlari o‘rtasidagi bunday hamkorlik kelgusida qo‘shma tadqiqotlar va ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi».
Seminar davomida, shuningdek, Moturidiy va Muhosibiy merosida ma’naviy mo‘tadillik, O‘zbekiston va Indoneziya musulmon merosida ekologik tafakkur, tarixiy meros va zamonaviy amaliyotning o‘zaro bog‘liqligiga oid tadqiqotlar ham muhokama qilindi.
Mazkur xalqaro seminar O‘zbekiston va Indoneziya olimlari o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash, Imom Moturidiy merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida chuqur tadqiq etish, tajriba almashish hamda qo‘shma ilmiy izlanishlar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati