Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

Alloh taolo qalbni O‘zi uchun yaratgan

23.05.2025   7537   1 min.
Alloh taolo qalbni O‘zi uchun yaratgan

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ta’lim berayotgan barcha duolarning tub maqsadi shuki, qay holatda, qanday ishda mashg‘ul bo‘lsangiz ham, qalbingiz faqat Alloh tomonga qarasin. Bu qalbni Alloh taolo O‘zi uchun yaratgan. Ko‘z, quloq, til va boshqa a’zolar dunyoviy ishlar uchun, ular orqali dunyoviy maqsadlarga erishiladi. Lekin qalbni Alloh taolo xolis O‘zi uchun yaratgan. Toki, unda Allohning tajalliysi (nuri) bo‘lsin, Allohning muhabbati ila yashnasin, Allohning zikri ila obod bo‘lsin.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Eng afzal amal bandaning tili Allohning zikri ila nam bo‘lishidir», dedilar.

Tilni Alloh taolo qalbga tushadigan zina qilgan. Til bilan zikr qilaversang, inshaAlloh, u zikr qalbga naqshlanib boraveradi. Alloh taoloning yodi va muhabbati shu darajada jo bo‘lsinki, qalb Alloh taoloning tajalliygohi (nuri tushadigan joy) bo‘lsin. Tariqat, tasavvuf va sulukning asl maqsadi ham shudir.

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan

Boshqa maqolalar

Muhabbat mana shunday bo‘ladi

20.06.2025   948   3 min.
Muhabbat mana shunday bo‘ladi

 Abu Bakr roziyallohu anhuning muhabbati

Buyuk sahobiy Abu Bakr roziyallohu anhu bunday deydilar: “Biz hijratda edik. Men juda chanqab turgan edim. Ozgina sut olib kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uzatdim va: “Yo Allohning Rasuli, ichib oling”, dedim. Rasululloh ichdilar-u, mening chanqog‘im qondi”.

Bu gaplar aynan haqiqat. Abu Bakr roziyallohu anhu chin dildan shunday dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichdilar va Abu Bakr roziyallohu anhuning chanqoqlari qondi. Bu muhabbatning go‘zalligini his qila olyapsizmi? Bu o‘zgacha, xos bir muhabbatdir... 


Savbon roziyallohu anhuning muhabbati

Payg‘ambar alayhissalom dastyorlari Savbon roziyallohu anhuning oldida kun davomida bo‘lmadilar. Nabiy alayhissalom qaytib kelganlarida Savbon roziyallohu anhu u zotga qarab: “Ey Allohning Rasuli, meni yolg‘iz tashlab ketdingiz”, dedi-da, yig‘lab yubordi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shunga yig‘layapsanmi?” – dedilar. Savbon roziyallohu anhu: “Yo‘q, Rasululloh! Lekin jannatda sizning va o‘zimning martabamni yodga olib qo‘rqib ketdim. Alloh taoloning mana bu oyati esimga tushdi: «Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni, payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir»[1]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xursand bo‘laver! Sen ham o‘zing muhabbat qo‘yganlar bilan birgasan”, dedilar.

 
Savod ibn G‘oziyyaning muhabbati

Savod ibn G‘oziyya Uhud g‘azoti kunida qo‘shinning markazida turardi. Nabiy alayhissalom qo‘shinga qarata: “Saflarni rostlanglar, to‘g‘ri turinglar!” – dedilar. Qarab borar ekanlar Nabiy alayhissalom Savod roziyallohu anhuning to‘g‘ri turmaganini ko‘rib: “Rostlangin, ey Savod!”dedilar. Sahobiy: “Xo‘p”, dedi-yu, biroq to‘g‘irlanmasdan turaverdi. Payg‘ambar alayhissalom u tomonga yaqinlashib, qo‘llaridagi misvoklari bilan sahobiyning biqiniga niqtab: “Savod, to‘g‘ri turgin!” – dedilar. Savod: “Og‘rittingiz, Rasululloh! Alloh taolo sizni haq ila yuborgan bo‘lsa, endi men sizdan o‘ch olishim uchun imkon bering”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom qorinlarini ochib: “Qasosingni olvol, Savod”, dedilar. Savod roziyallohu anhu egilib qorinlarini o‘pa boshladi va: “Yo Allohning Rasuli, bugun shahidlik kunidir, shuning uchun ham oxirgi onlarimda tanam sizning muborak tanangizga tegib qolishini xohladim”, dedi.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Minbar yasalmasidan avval  Nabiy sollallohu alayhi vasallam xurmoning tanasiga suyanib xutba qilar edilar. Bir muddat o‘tib, minbar joylashtirilganidan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar. Shunda o‘sha xurmo tanasidan (yosh boladay) o‘ksik ovoz chiqdi. Uni, hatto biz ham eshitdik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam keldilar-da, unga qo‘llarini tekkizdilar. Zum o‘tmay u tinchib qoldi” (Imom Buxoriy rivoyati).


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Niso surasi, 69-oyat.