Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: "Namozni O‘zim bilan bandam orasida ikkiga bo‘lganman, bandam nimani so‘rasa, beraman". Agar u (banda): "Alhamdu lillaahi Robbil ’aalamiyn", desa, Alloh: "Bandam Menga hamd - shukr aytdi", deydi. Banda: "Ar-Rohmanir Rohiym", desa, Alloh: "Bandam Menga sano - maqtov aytdi", deydi. Banda: "Maaliki yavmid-diyn", desa, Alloh: "Bandam Meni ulug‘ladi", deydi. Banda: "Iyyaaka na’budu va iyyaaka nasta’iyn", desa, Alloh: "Bu - Men bilan bandam orasidagi narsa, bandam nimani so‘rasa, beraman", deydi. Agar banda: "Ihdinas-sirotol mustaqiym, sirotollaziyna an’amta ’alayhim g‘oyril mag‘dubi ’alayhim valaddolliyn", desa, Alloh: "Bu bandamga xos, so‘raganini berdim", deydi" (Imom Nasoiy rivoyati).
Bir daqiqada Fotiha surasini 6 marotaba o‘qiy olasiz. Uning harflari soni 122 ta. Agar uni bir marotaba o‘qisangiz, 122x10=1220 ta savob beriladi. Chunki hadisga muvofiq, har bir harf uchun 10 ta savob va’da qilingan. Agar siz uni 6 marotaba o‘qisangiz, 7320 ta savobga ega bo‘lasiz. Bu Allohning fazli, kim uni ziyoda qilsa, Alloh ham fazlini ziyoda qilaveradi.
«Fazilatli amallar - ajri ulug‘ amallar» kitobidan
حدثنا العباس الدوري نا يحيى بن حماد أنا محمد بن طلحة عن أبيه عن مصعب بن سعد قال: رأى سعد أن له فضلا على من دونه قال: فقال رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم : إنما نصر الله هذه الأمة بضعفائهم وبصلاتهم ودعوتهم وإخلاصهم.
Mus’ab ibn Sa’ddan rivoyat qilinadi: “Sa’d o‘zini boshqalardan ustunroq deb o‘yladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Albatta, Alloh bu ummatga zaiflari, namozlari, duolari va ixloslari sababli nusrat bergan!” dedilar”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi