Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Oktabr, 2026   |   27 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:08
Quyosh
06:27
Peshin
12:11
Asr
16:09
Shom
17:58
Xufton
19:12
Bismillah
08 Oktabr, 2026, 27 Rabi`us soni, 1448
Yangiliklar

27.05.2025   10428   1 min.
Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Movarounnahr merosi YUNЕSKO minbarida

08.10.2026   1252   4 min.
Movarounnahr merosi YUNЕSKO minbarida

Parijda Prezident tashabbusi asosida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi beqiyos o‘rni, buyuk ajdodlar merosi va Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatidagi yangi imkoniyatlari muhokama qilinmoqda.

7 oktyabr kuni Parij shahridagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida “Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda, xabar bermoqda iccu.uz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida tashkil etilgan mazkur nufuzli anjuman O‘zbekistonning boy tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, Movarounnahrdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini yanada keng yoritish, shuningdek, ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Tadbir avvalida O‘zbekistonning tarixiy merosi, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ma’rifiy islohotlar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro maydonda ilgari surgan tashabbuslarini aks ettiruvchi maxsus videolavha namoyish etildi. Unda davlat rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida ilgari surilgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi ham o‘z ifodasini topgan.

Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Prezidenti Xonder Talha, YUNЕSKO Ijroiya kengashi raisi Nosir bin Hamad Al Hinzab, O‘zbekiston Respublikasining YUNЕSKOdagi Doimiy vakili Kamol Muxtorov, YUNЕSKO Bosh direktorining fanlar bo‘yicha yordamchisi, professor Deniz Pires de Karvalyu ishtirok etdi.

Anjumanning asosiy ma’ruzasi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov ishtirok etdi.

Konferensiyaning birinchi paneli “Yangi O‘zbekiston: ma’naviy va intellektual meros hamda zamonaviy taraqqiyot” mavzusiga bag‘ishlandi. Unda O‘zbekistonning yangi Renessans sari intilishi, islom sivilizatsiyasining umuminsoniy qadriyatlari, buyuk allomalar ilmiy merosining ma’rifat va bag‘rikenglik g‘oyalarini qaror toptirishdagi ahamiyati muhokama qilindi.

Xususan, Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) Bosh direktori professor Mahmud Erol Qilich, Oksford Islom tadqiqotlari markazi direktori doktor Farhan Nizomiy, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari professor Davronbek Mahsudov, Jeneva Diplomatik doirasi prezidenti Robert Blum va boshqa xalqaro ekspertlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Anjumanning ikkinchi paneli Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilm-fan, madaniyat va muloqot platformasi sifatidagi o‘rniga bag‘ishlandi.

Unda Markazning yangi avlod muzeyi, xalqaro ilmiy-ma’rifiy xab va jahon miqyosida ilm-fan hamda madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga xizmat qiluvchi platforma sifatidagi faoliyati haqida fikr almashildi.

Shuningdek, Italiya, O‘zbekiston va YUNЕSKO huzuridagi Islom hamkorlik tashkiloti Doimiy kuzatuvchi delegatsiyasi vakillari ishtirokida islom ilmi va Renessans o‘rtasidagi bog‘liqlik, dinlararo va madaniyatlararo muloqot, Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro hamkorlik imkoniyatlari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan istiqbolli ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Konferensiyaning uchinchi paneli esa “Movarounnahrning buyuk alloma va mutafakkirlari: jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotini shakllantirgan meros” mavzusiga bag‘ishlandi.

Unda Movarounnahr allomalarining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi, Imom Buxoriyning ishonchli bilim, axloq va ilmiy mas’uliyat an’analari, Imom Moturidiyning bag‘rikenglik va mo‘tadillik falsafasi, Imom Termiziyning hadisshunoslik ilmi taraqqiyotidagi o‘rni, shuningdek, Alisher Navoiy merosining Yevropada o‘rganilishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur mavzular bo‘yicha Buyuk Britaniyaning “Al-Furqan Islamic Heritage Foundation” ijrochi direktori Sali Shahsavari, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktor o‘rinbosari Otabek Muhammadiyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhamedov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori doktor Muzaffar Joniyev hamda Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ma’ruzalar qildi.

Shu tariqa, YUNЕSKO Bosh qarorgohidagi xalqaro konferensiya doirasida Movarounnahrning boy ilmiy-ma’naviy merosi nafaqat tarixiy qadriyat, balki bugungi kunda tinchlik, bag‘rikenglik, ma’rifat va sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim umuminsoniy meros sifatida namoyon etilmoqda.

Konferensiya yakunida ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalarida xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, qo‘shma ilmiy va madaniy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy va ma’rifiy aloqalarini yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilinmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari