Albert Enshteyn dars o‘tish jarayonida to‘qqiz masalani to‘g‘ri yozib, o‘ninchisining javobini atay xato chiqardi. Sinfda o‘tirganlar kulib yubordi. Shunda Enshteyn ham qo‘shilib kulib qo‘ydi va so‘zida davom etdi:
“Men to‘qqiz masalani to‘g‘ri yozganimda hech kim meni tabriklamadi. Ammo birgina xato qilganimda hamma kulib yubordi. Hayotda juda ko‘p odam voqea-hodisalarga, kishilarning tutumlariga shunday yondashadi. Ya’ni, o‘zidan boshqalarning yutug‘ini nazardan qochirib, xatosini tez ko‘rishadi. O‘ziga nisbatan esa, unday emas... Sizlarga bu masalani atay xato ishlab ko‘rsatishimdan maqsad, ertangi hayotingizda ana shunday vaziyatlarga to‘g‘ri yondashing. Zero, xato qilmaydigan yagona odam bu – hech narsa qilmaydigan odamdir”.
Darhaqiqat, biz ojiz bandalar Allohning huzurida qancha xatolar, gunoh ishlar qilamiz va Uning mag‘firatidan umidvor bo‘lamiz. Lekin bir inson xato qilsa tezda qo‘limizni bigiz qilib ko‘rsatamiz. Ayniqsa, bizga nisbatan nimadir sodir etib qo‘ysa, kechirmaymiz. Jag‘imiz tolguncha shikoyat qilaveramiz. Bu sinovli, o‘tkinchi dunyoda yondashuvimizni to‘g‘rilab olaylik, azizlar! Shunda yashash ham osonlashadi, halovatimiz ham yo‘qolmaydi...
Akbarshoh Rasulov
Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ustoz va talabalar ishtirokida ikki yangi asarning taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining «Ey, bandalarim» asari hamda Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi Abdulazim domla Saidahmedovning «Nurul yaqin» asari ikkinchi qismi o‘quvchilarga tanishtirildi.
Tadbirda bilim yurti mudiri Jaloliddin Saburov ushbu kitoblar talabalar ma’naviy kamolotida katta xizmat qiluvchi muhim manbalar ekanini ta’kidladi.
Abdulazim domla ham so‘zga chiqib, «Nurul yaqin» asarining yangi qismidagi asosiy mavzular, uni yozish jarayoni o‘quvchi uchun qanday foydalari borligi haqida so‘zlab berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati