Payg‘ambarimiz solallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin shariatga bog‘liq barcha masalalar sahobalardan so‘raldi. Yosh sahobalar o‘zlaridan kattalardan, yangi musulmonlar avval musulmon bo‘lgan sahobalardan o‘zlari tushunmagan turli masalalar yechimini so‘rardilar.
Imom ibn Ahmad Sha’roniy o‘zlarining “Al-Miyzan ash-Sha’roniya” asarida mazhablar haqida quyidagi fikrlarni zikr qilgan. “Aslida sahoba va tobe’inlar davrida mazhablarning soni o‘n sakkizta bo‘lgan. Ularning barchasi o‘z vaqtida amalda bo‘lgan. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofe’iy va hanbaliy mazhablari ajralib chiqdi. Mazkur to‘rt mazhabning saqlanib qolishining asosiy omili bu mazhablarning ta’limotlari boshqa mazhablardan kuchliroq bo‘lgani uchun emas, balki to‘rt mazhab boshqa o‘n to‘rt mazhab ta’limotini ham qamrab olganidir”.
Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan.
Samatov Jaloliddin,
Davlatabod tumani "Yusufxon o‘g‘li Qosimxon"
jome masjidi imom noibi
Savol: Besh vaqt namozda imomga iqtido qilganimizda, Fotiha va zam suralarni o‘qimaymiz. Janoza namozida qanday yo‘l tutamiz? Unda ham quloq qoqqandan keyin jim turamizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Janoza namozida besh vaqt namozdan farqli ravishda, imomga iqtido qilganlar to‘rt takbirni va sano, salavot hamda duolarni o‘qiydi. Ya’ni birinchi takbirdan keyin sanoni, ikkinchi takbirdan keyin salavotni, uchinchi takbirdan keyin janoza duosini o‘qiydi. To‘rt takbir janoza namozining rukni ya’ni farz, boshqa zikrlar esa, sunnat hisoblanadi. Agar iqtido qilganlar takbirni ham, boshqa zikrlarni ham aytmay, jim tursa, janoza o‘qigan hisoblanmaydi. Agar takbirlarni aytsa-yu, boshqa zikrlarni aytmasa, sunnatni tark etgan bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.