Bismillahir Rohmanir Rohiym
اللهُ أكبر اللهُ أكبر لا إلهَ إلَّا الله واللهُ أكبر اللهُ أكبر ولله الحَمْد
O‘qilishi: Allohu akbar! Allohu akbar! Laa ilaha illallohu vallohu akbar! Allohu akbar va lillahil hamd.
Ma’nosi: Alloh buyuk, Alloh buyuk. Alloh taolodan o‘zga iloh yo‘q. Alloh buyuk, Alloh buyuk va hamd Alloh taolo uchundir.
Takbiri tashriq 5 iyun bomdod namozidan boshlab hayitning to‘rtinchi kuni, ya’ni 9 iyun asr namoziga qadar aytiladi:
• 5 iyun – 5 mahal,
• 6 iyun – 5 mahal,
• 7 iyun – 5 mahal,
• 8 iyun – 5 mahal,
• 9 iyun – 3 mahal.
Jami 23 mahal namozda takbiri tashriqni bir marotaba aytish vojib amal sanaladi.
Ushbu takbir xoh jamoat bilan, xoh yolg‘iz o‘qilgan har bir farz namozdan keyin aytiladi.
Ayollar takbiri tashriqni maxfiy aytadilar.
Namozga kechikib qo‘shilgan kishi ham namozini to‘liq qilgandan keyin takbiri tashriqni aytadi.
Davron NURMUHAMMAD
Savol: Biz tomonlarda qattiq yomg‘ir yog‘ib, Juma va ikki hayit namozlarida odamlar tashqarida namoz o‘qiy olmay, masjid ichiga tiqilib ketadi. Sunnatni almashib o‘qib olishadi, ammo farz namozda buning imkoni yo‘q-ku. Bu holatda qanday yo‘l tutiladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu kabi uzrli hollarda ya’ni savolda zikr qilinganidek, Juma va ikki hayit namozlarida orqadagilar oldingi safdagi namozxonlarning bellariga sajda qilib, namozni ado etsalar bo‘ladi.
Buning kayfiyati shunday: Avvalgi safdagilar odatdagidek ruku va sajda qiladilar. Ularning orqasidagilar esa, rukuda imkon qadar egiladilar, so‘ng sajdada oldingi safdagi odamlarning orqa bellariga boshlarini qo‘yib, sajda qiladilar. Farzni shunday o‘qisalar, sunnatlarni savolda aytilgandek almashib o‘qib olaveradilar. Chunki belga sajda qilish zarurat tufayli joiz bo‘ladi. Sunnat namozni o‘qishda esa, bunday zarurat bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, bu kabi uzrli holatlarda oldindagi odamning oyoqlari ustiga yoki o‘zining soniga ham sajda qilish mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.