Bugun, Zulhijjaning 8-kuni mehmonxonadan tashkiliy guruh boshchiligida avtobuslarda talbiya aytib, Minoga yetib kelgan bo‘lg‘usi hojilarimiz: "Allohim bu Minodir. Sen do‘stlaringga ato etgan ehsonlaringdan menga ham in’om et!”, deb duolar qilishdi.
Mino maydonida O‘zbekiston hojilari uchun alohida joy ajratilgan. Bu yerda hojilarimiz bemolol ibodat qilishlari uchun sharoit hozirlangan. Shuningdek, tamaddi qilishlari uchun turli xil taomlar, choy, suv kabi ichimliklar chodirlarga olib kelib ulashilmoqda.
Nabiy alayhissalom sunnatlariga muvofiq, bugun Minoda tarviya kuni peshin, asr, shom, xufton namozlari o‘qiladi. Ayni paytda o‘zbekistonlik ziyoratchilar Mino vodiysida erta tongdan to kun botgunga qadar ulamolarning suhbatlaridan bahramand bo‘lib, toatu ibodat va duoyu iltijolar bilan o‘tkazishmoqda.
Alloh taolo barcha hojilar qatorida, yurtimiz hojilarining ham duo va ibodatlarini qabul aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xabar #haj2025
Joriy yilning 12 iyun kunidan e’tiboran Saudiya Arabistonidagi hojilarimiz bir necha kun davomida navbati bilan ona Vatanimizga qaytib keladilar.
Hamyurtlarimiz Jidda shahridan mamlakatimizning 10 ta hududi – Toshkent, Buxoro, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Navoiy va Nukus shaharlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri parvoz qiladilar.
Tashish ishlariga “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatining zamonaviy samolyotlari, malakali uchuvchi va bort kuzatuvchilari jalb etilgan.
Ziyoratchilarimizning haj amallari qabul, duolari mustajob bo‘lsin, fayzu barakalari ila o‘lkamiz nurga to‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati