Shu yil 5 iyun kuni - hijriy zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni ziyoratchilarimiz Mino vodiysidan erta tongdan guruh-guruh bo‘lib zamonaviy avtobuslarda Arafot maydoniga yetib kelishdi. Ushbu muborak joyda hamyurtlarimiz uchun alohida ajratilgan joyda barcha tayyorgarliklar hozirlab qo‘yilgan.
Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.
Alloh taolo barcha hojilarning hajlarini mabrur, elu yurt haqqiga qilgan duolarini qabul aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Madina shahri Islom tarixida bir nechta nomlar bilan atalgan. Ulardan eng mashhurlaridan biri “Toyyiba”dir.
Islomdan oldin shahar Yasrib deb atalgan. Bu nom “ayblash” va “yomonlash” kabi ma’nolarni anglatadi.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam shaharga hijrat qilganlarida, unga yangi nom berdilar. U zot alayhissalom shaharni “go‘zal” va “poklangan” ma’nosini anglatuvchi “Toyyiba” deb atadilar.
Shuningdek, Toyyibaga yaqin bo‘lgan va o‘xshash ma’noni anglatuvchi “Toba” nomi ham ushbu shahar uchun ishlatilgan.
Madinada topilgan VIII asrga oid qoyatosh yozuvida shahar Toyyiba nomi bilan atalgan. Bu esa ushbu nom Islomning ilk asrlaridanoq qo‘llanib kelinganini ko‘rsatadi.
Toyyiba bilan bir qatorda, shahar muayyan tarixiy jihatlarini aks ettiruvchi yana bir necha nomlar bilan ham tanilgan:
| Nomi | Ma’nosi |
| Madina | Shahar |
| Madinatu Nabiy | Payg‘ambar shahri |
| Madinai Munavvara | Munavvar shahar |
| Dorul Hijra | Hijrat diyori |
Po‘latxon Kattayev,
Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi