Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi
Mustaqillik sharofati bilan biz yana o‘tmishda yashab, o‘lmas asarlar yaratgan ulug‘ ajdodlarimiz hayoti va ijodini chuqur o‘rganib, bahramand bo‘lish sharafiga erishdik. Buyuk ajdodlarimizning tavallud kunlarini keng nishonlab, ular qoldirgan benazir merosni dunyoga keng tarannum etish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Prezidentimizning 2024 yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi, joriy yil 7 iyuldagi “Buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorlari ham fikrimizga yaqqol dalildir.
Naqshbandiya tariqatining vakillaridan biri So‘fi Allohyor arab, fors va o‘zbek tillaridagi nodir asarlari bilan dinimiz va adabiyotimiz tarixidan munosib o‘rin egallagan ulkan ijodkor. Uning she’riy uslubda yozilgan “Sabotul ojizin” kitobi o‘zbek va tojik xalqlari orasida juda-juda mashhur.
Kitob ko‘plab musulmon davlatlarida nashr etilgan. Maxsus lug‘atlar, hatto arabcha sharhlar bitilgan. So‘fi Allohyor masalalarni bayon etish jarayonida oyat va hadislardan dalillar keltiradi. Har bir masalaga to‘xtalar ekan, taqvo hamda odob jihatlarini ham eslatib o‘tadi.
Shubhasiz, So‘fi Allohyor bu asarini ilm va tajriba orttirib, xolis niyat bilan yozgani uning fikru mulohazalaridan bilinib turadi. Madrasalarda maxsus o‘qitilgan bu asarni tolibi ilmlar qisqacha “So‘fi Allohyor”, deb ataganlar. Asarning toshbosma va qo‘lyozma nusxalari O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va boshqa mamlakatlarga keng yoyilgan.
O‘zbek falsafiy didaktik adabiyotining yetuk namunasi bo‘lgan “Sabotul ojizin”da tasavvuf ta’limotining ma’naviy-axloqiy masalalarini keng yoritish bilan u turkiy tasavvuf adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shgan. Asarlarida islom ahkomlari, tariqat talablari, insoniy komillik shartlarini birma-bir ta’riflab bergan. Axloqiy-ta’limiy ahamiyati jihatidan, xususan, “Maslakul muttaqiyn” va “Sabotul ojiziyn” asarlari maktab va madrasalarda asosiy darsliklar qatorida o‘qitilib kelgan. Uning diniy-tasavvufiy ruhdagi pandu hikmatga yo‘g‘rilgan asarlari nafaqat Turkiston, balki Qashqardan tortib Etel (Volga), Yoyiq (Ural) daryolari vohalari, Hojitarxon (Astraxan), Bulg‘or, Orenburg va boshqa mintaqalarda yashovchi xalqlar orasida ham keng tarqalgan. Ular ko‘p nusxalarda ko‘chirilgan. XIX asrning oxirlariga kelib esa Toshkent, Qozon, Boku, Istanbul va boshqa shaharlarda toshbosma yo‘li bilan bir necha marta bosilib chiqqan.
“Sabotul ojizin” o‘z turidagi boshqa kitoblardan farqli ravishda o‘quvchini zeriktiradigan uzun ham, ma’lumoti oz ham emas, balki o‘rtacha shaklda yozilgan kitobdan iboratligi, asar lafzi yorqinligi, iboralari yengilligi, kerakli ma’lumotlarni qisqa lafzlar bilan o‘zida mujassam etgani hamda aqida ilmini to‘liq tushunish va terminlarini yodlab qolishni yengillashtirgani aniqlangan.
So‘fi Allohyor bu asarda boshqa asarlaridagi kabi e’tiqod sofligi, aqidaviy masalalarga doir ko‘plab muhim ma’lumotlarni berib o‘tgan. Xususan, allomaning fikricha, aqidani bilish, o‘rganish, hayotga tatbiq etish, o‘ziga shior qilib olishga alohida e’tibor qaratish kerak. Buni alloma bir og‘iz so‘z bilan quyidagi uslubda bayon qilgani fikrimiz tasdig‘idir:
Aqida bilmagan shaytona eldur,
Agar ming yil amal deb qilsa, yeldur.
Demak, aqidani yaxshi o‘rganib, tushunib, anglab, aslini so‘rab-surishtirib, so‘ng uning qiymatiga baho berish kerak.
“Sabotul ojizin” asari fiqhiy, aqidaviy ilmiy-nazariy va tarixiy-tadrijiy asoslarini o‘rganuvchi muhim manbaligi isbotlanib, ixtilofga sabab bo‘lgan ayrim fiqhiy va aqidaviy masalalarning yechimi ochib berilgan.
Mazkur asar mustabid tuzum davrida ba’zi shaxslar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingan. Unga ateistik nuqtayi nazardan baho berilgan. Undagi ma’lumotlar o‘quvchini yo‘ldan ozdirishi, bir taraflama fikrlaydigan qilib qo‘yishi aytib o‘tilgan.
So‘fi Allohyor aqidaga oid masalalarni ishonchli dalillar asosida keltirib o‘tgan va bunda oyat va hadislardan o‘rinli foydalangan. O‘rni kelganda, oddiy lafzlarga qarab emas, balki azal-azaldan o‘lkamizda tadbiq etib kelinayotgan o‘lmas qadriyat va urfiy amalni asos qilib olib, bu masaladagi mavjud ixtiloflarni ilmiy yo‘l bilan yechib berganligi asoslantirilgan.
“Sabotul ojizin” ahli sunna val jamoa e’tiqodini nazmiy uslubda bayon etgan mo‘tabar asar hisoblanadi. Shuning uchun ham ulug‘ ustozlardan biri bu asarni “Sabotul ojizin” mag‘zi Qur’ondir”, deya lo‘nda ta’riflagan. Asar ahli ilmlarni doimo o‘ziga jalb etib kelgan. Shu sababli unga ko‘plab sharhlar yozilgan va yozilmoqda.
Xalqimiz orasida alohida “Olloyorxonlik” kechalari o‘tkazilishi, uning baytlari hatto oddiy xalq tillarida yoddan o‘qib yurilishining o‘zi uning manzur bo‘lganiga va xalq ko‘nglidan joy olgan muhim asar ekanini ko‘rsatadi. Shu bois ham bu asar turli davrlarda turli davlatlarda qayta-qayta nashr etilgan. Masalan, Toshkentda 1882, 1884, 1905, 1915 yillarda, Qo‘qonda 1890 yilda, Kogonda 1910 yilda, Toshkentda 1991, 2007 yillarda qayta nashr qilingan. Pokiston, Hindiston, Eron, Iroq, Afg‘oniston, Tatariston, Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Xitoy, Vengriya, Rossiya kabi davlatlarda ham nashr etilgani asarga talab juda katta bo‘lganidan dalolat beradi.
“Sabotul ojizin” asarining saqlanayotgan nusxalari orasida turli tafovutlar mavjuddir. Shunga ko‘ra O‘zbekistonda taniqli olim Rashid Zohid tomonidan 94 qo‘lyozma va 61 toshbosma matnlarini o‘zaro qiyoslab, asarning eng ishonchli matni tayyorlangan. Bu matn nashr etilgan.
Tabiiyki, “Sabotul ojizin” qo‘lma-qo‘l o‘tib o‘qib yuriladigan mashhur asar bo‘lganidan unga ko‘plab sharhlar yozilgan. Xususan, qozonlik olim Tojuddin Yolchiqul o‘g‘li hijriy 1221/1806 yilda bu asarga “Risolai Aziza sharhu “Sabotul ojizin” nomli sharh yozgan. U 1835 yil Qozonda, 2000 yil O‘zbekistonda nashr etilgan. Asar “Sabotul ojizin”ga yozilgan birinchi sharh kitobi bo‘lgani uchunmi unda matn tarixi, matn talqini bilan bog‘liq nuqsonlar uchraydi. Sharh muqaddimasida So‘fi Allohyorning tarjimayi holi haqida keltirilgan ma’lumotlarning tarixiy asosga ega emasligini ko‘rish mumkin. Shunday to‘qima, rivoyatnoma dalillar ayrim baytlar sharhida ham kuzatiladi. Salohiddin ibn Rovil Salimiy Qozoniyning “Irshod ul-’oiziyn” asari 1911 yilda Qozonda nashr etilgan. Ushbu asarning toshbosma nusxasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida 9320 raqami ostida saqlanmoqda. Sayyid Habibulloh ibn Sayyid Yahyoxon Farg‘oniy, Qobuliyning “Hidoyatut tolibiyn sharhu “Sabotul ojizin So‘fi Allohyor” kitobi 1928 yil Pokistonda, 2009 yilda Toshkentda chop etilgan. Shayx Muhammad Sa’iyd Turkistoniyning “Sabotul ojizin sharhi” asari Damashqda 1967 yil nashr qilingan, To‘raxo‘ja ibn mulla Soriyxo‘ja O‘zgandiyning “Sharhu sabotul ojizin” kitobi arab tilida yozilgan. O‘zbek tilidagi asarni arab tilida sharhlaganining sabablari haqida muallif shunday yozgan:
“Xalil (sollallohu alayhi vasallam) millatining chirog‘i, komil shayxga nisbat berilgan “Sabotul ojizin” kitobi tolibi ilmlar qo‘llarida qo‘lma-qo‘l bo‘lgan, ko‘plab nasihatlar va latif so‘zlarni o‘zida jamlagan, ulug‘vor arab tilidagi hamda yoqimli tillar bo‘lgan fors va turkiy tillardagi so‘zlar bilan bitilgan kitob bo‘lgani uchun ba’zi do‘stlar bu zaif bandadan ushbu kitobning tilini bayon qilib beradigan, undan iroda qilingan ma’nolarini ochib beradigan sharh yozishni iltimos qildilar. Men bu kitobni arab tilida sharhladim. Chunki arab tili bayoni ochiq-oydin bo‘lgan va Qur’on nozil bo‘lgan tildir (qisqartirib olindi)”
Arab tilida yozilgan bu sharhning qo‘lyozma nusxasi O‘zbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasida 1427 raqam ostida saqlanmoqda.
Asarning markazida – inson va uning ma’naviy komillik sari intilishi turadi. Bu komillikning asosiy sharti – nafsdan poklanish, dunyoviy manfaatlardan voz kechish va Alloh muhabbatiga yetishishdir. Muallif sufiy ta’limotga tayanadi va uning asosiy bosqichlarini shunday aks ettiradi.
Oyatulloh Ayniddin, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziy bo‘lim boshlig‘i, Imom Termiziy o‘rta maxsus islomta’lim muassasasi mudarrisi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati