Imkoniyatni qo‘ldan boy bermang! Jumaga erta borganga tuya qurbonlik qilganning savobi beriladi...
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Qachonki, juma kuni bo‘lsa, masjidning eshiklaridan har bir eshikda farishtalar turadi va kelganni yozadilar. Qachonki imom kelsa, sahifalarni yopib, zikrni tinglashga kelurlar. Erta boruvchi xuddi tuya qurbonlik qilgan kabidir.
So‘ngra, xuddi qoramol qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi qo‘chqor qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi tovuq qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi tuxum qurbonlik qilgan kabi", dedilar.
Alhamdulillah, biz mo‘min-musulmonlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga salavot aytishga buyurilganmiz. Agar bir marta salavot aytsak, bizga Alloh o‘n marta rahmat yo‘llaydi, o‘nta gunohimiz o‘chiriladi, martabamiz o‘n daraja ortadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta rahmat yo‘llaydi. Uning o‘nta gunohi o‘chiriladi, martabasi o‘n daraja ko‘tariladi” (Imom Ahmad rivoyati). Manbalarda qisqa salavot sifatida quyidagi salavot beriladi:
اَللَّهُمَّ صل وَسَلِّمْ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّد
Allóhumma solli vasallim alá nabiyyiná Muhammad
Ma’nosi: “Ey, Alloh! Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga rahmat va salom yo‘llagin!”
Ruhiddin Akbarov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi