Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:
إن هذا العلم دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم
“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا أَكَلَ أَحَدُكُمْ فَلْيَأْكُلْ بِيَمِينِهِ، وَإِذَا شَرِبَ فَلْيَشْرَبْ بِيَمِينِهِ، فَإِنَّ الشَّيْطَانَ يَأْكُلُ بِشِمَالِهِ وَيَشْرَبُ بِشِمَالِهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon birortangiz yesa, o‘ng qo‘li bilan yesin. Qachon birortangiz ichsa, o‘ng qo‘li bilan ichsin. Chunki shayton chap qo‘li bilan yeb, chap qo‘li bilan ichadi», dedilar (Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilganlar).
Demak, chap qo‘li bilan yeb-ichgan odam Rohmanning amridan yuz o‘girib, shaytonga ergashgan va uning ishini qilgan bo‘ladi.
Shuning uchun bu masalaga katta e’tibor bilan qaramog‘imiz, farzandlarimizga ham o‘rgatmog‘imiz lozim.
عَنْ سَلَمَةَ بْنِ الْأَكْوَعِ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ رَجُلًا أَكَلَ عِنْدَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِشِمَالِهِ، فَقَالَ: كُلْ بِيَمِينِكَ، قَالَ: لَا أَسْتَطِيعُ، قَالَ: لَا اسْتَطَعْتَ، مَا مَنَعَهُ إِلَّا الْكِبْرُ، قَالَ: فَمَا رَفَعَهَا إِلَى فِيهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Salama ibn al-Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida chap qo‘li bilan taom yedi. Bas, u zot:
«O‘ng qo‘ling bilan ye!» dedilar.
«Qodir emasman», dedi u.
«Qodir bo‘lmagin! Uni kibrdan boshqa narsa man qilmadi», dedilar u zot. Haligi odam qo‘lini og‘ziga ko‘tara olmay qoldi» (Muslim rivoyat qilgan).
Ushbu hadisi sharifdan dinimizda ovqatlanish madaniyatiga qanchalik ahamiyat berilganligini yorqin ko‘rib turibmiz. Albatta, gap ovqatlanishning islomiy madaniyati haqida ketmoqda. Ovqatlanishning islomiy madaniyatlaridan biri o‘ng qo‘l bilan yeyishdir. Har bir musulmon inson bu muhim ishga alohida e’tibor bilan qarashi lozim. Ba’zi bir kishilar bu islomiy madaniyatga rioya qilmasalar, ularni ogohlantirish kerak.
Ushbu rivoyatning qahramoni ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida ovqatlanishning islomiy madaniyatiga rioya qilmay, chap qo‘li bilan taom yeyishga tutindi. Albatta, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu holga beparvo bo‘lishlari mumkin emas edi. Shuning uchun mazkur odobsiz kishiga ta’lim berib:
«O‘ng qo‘ling bilan ye!» dedilar».
Bunday paytda har qanday odam ta’lim beruvchiga tashakkur aytib, o‘zini o‘nglab olishga urinadi. Odob-axloq taqozosi shu. Ammo haligi odam Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga tashakkur aytib, o‘z xatosini tuzatib, o‘ng qo‘li bilan taom yeyishga o‘tish o‘rniga:
«Qodir emasman», dedi».
Ya’ni, bu «Ovqatni o‘ng qo‘li bilan yeya olmayman. Chap qo‘lim bilan yeyaveraman», degani edi. O‘zi noto‘g‘ri ish qila turib, unga mehr ko‘rsatib, xatosini to‘g‘rilab qo‘ygan zot Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga nisbatan bunday betgachoparlik qilgan nobakor har qanday jazoga va qarg‘ishga loyiq edi. Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ochiq-oydin qilib:
«Qodir bo‘lmagin!» dedilar».
Ya’ni, «O‘ng qo‘ling bilan taom yeya olmasang, bir yo‘la yeya olmay qolgin», dedilar. Hamda u yerda hozir bo‘lganlarga tushuntirish uchun:
«Uni kibrdan boshqa narsa man qilmadi», deb, qo‘shib qo‘ydilar. Ya’ni, u odam yuqoridagi gapni haqiqatda o‘ng qo‘lida nuqson borligi uchun emas, kibr bilan xatosini tan olishdan bosh tortib aytgan edi.
Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uni duoibad qildilar. U zot sollallohu alayhi vasallamning duolari joyida qabul bo‘ldi.
«Haligi odam qo‘lini og‘ziga ko‘tara olmay qoldi».
Ajab bo‘ldi! Battar bo‘lsin! O‘z foydasini bilmagan, shariat hukmidan ko‘ra o‘zining kibrini ustun qo‘yadiganlar uchun bu ham kam!
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Chap qo‘l bilan taom yeb bo‘lmasligi.
2. Birovning chap qo‘l bilan yeganini ko‘rgan odam tanbeh berib, o‘ng qo‘l bilan yeyishini eslatib qo‘yishi kerakligi.
3. Diniy hukmlar bo‘yicha nasihat eshitgan odam mutakabbirlik qilmasligi kerakligi.
4. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning duolari darhol qabul bo‘lishi.
«Hadis va hayot» kitobi 16-juz