Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga:
– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi.
Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi.
Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.
Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mana, osoyishtalik siri nimada ekan!
Akbarshoh Rasulov
Islom sivilizatsiyasi markazida nufuzli xalqaro anjuman doirasida tarixiy va madaniy ahamiyatga ega voqea yuz berdi. TURKSOY tomonidan Markazning Islom sivilizatsiyasi markazi “Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey” deb e’tirof etildi. Sertifikat TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev tomonidan tantanali ravishda taqdim etildi. Bu e’tirof Markazning qisqa vaqt ichida xalqaro maydonda yuqori baholanayotganidan dalolat beradi.
Shuningdek, TURKSOY nomidan Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan chop etilgan “Turk dunyosi adabiyoti durdonalari” 100 jildlik kitoblar to‘plami ham sertifikatga sazovor bo‘ldi. Bu kabi keng qamrovli nashr turk dunyosida ilk bor amalga oshirildi va “dunyodagi eng yaxshi adabiy loyiha” sifatida e’tirof etildi.
— Bugun biz TURKSOY xalqaro tashkiloti nomidan uchta sertifikat taqdim etdik. Birinchi sertifikatimiz O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan chop etilgan “Turk dunyosi adabiyoti durdonalari” nomli 100 jildlik kitoblar to‘plamiga berildi. Ta’kidlash joizki, bu kabi keng qamrovli 100 jildlik nashr hozirgacha turk dunyosida amalga oshirilmagan. Bu, albatta, O‘zbekistonning katta tashabbusi bo‘ldi. Bugungi kunda Qozog‘iston, Ozarbayjon va Qirg‘iziston kabi davlatlar ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, turli hajmdagi — 20, 30, 40, 50 jildlik kitoblar nashr etmoqda. Shuning uchun biz ushbu to‘plamni turk dunyosidagi o‘ziga xos adabiy durdona sifatida e’tirof etib, “dunyodagi eng yaxshi adabiy loyiha” deb baholab, sertifikat taqdim etdik. Ikkinchi sertifikat esa Islom sivilizatsiyasi markaziga “Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey” nominatsiyasi bo‘yicha berildi. Buni TURKSOY ning yuksak e’tirofi, deb aytish mumkin. Shuningdek, mazkur muzey TURKSOYning Turk dunyosi muzeylari assotsiatsiyasiga ham qabul qilindi, - dedi TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev.
Anjumanda Turkiya, Fransiya, Italiya, Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron va Qozog‘istondan kelgan yetakchi olimlar ishtirok etdi. Ular Temuriylar davri tarixi, siyosiy tizimi, shaharsozlik an’analari, ilm-fan va madaniyat rivoji bo‘yicha o‘z tadqiqot natijalarini taqdim etdilar.
– TURKSOYning bu e’tirofi hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan qurilgan markazimizga berilgan munosib baho bo‘ldi deb o‘ylayman. Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Islom sivilizatsiyasi markazining doimiy va ishonchli hamkorlaridan biri. Biz bu tashkilot bilan uzoq vaqtdan beri hamkorlik qilib kelamiz. Joriy yilda ham TURKSOY bilan hamkorlikda xalqaro yoshlar forumi, turkiy davlatlar hunarmandlari festvali singari bir qator tadbirlarni o‘tkazishga kelishib oldik, - dedi markaz direktori Firdavs Abduxoliqov.
Xorijiy ishtirokchilar ham Temuriylar merosining global ahamiyati, Yevropa va Osiyo sivilizatsiyalari o‘rtasidagi madaniy aloqalardagi o‘rni va xalqaro ilmiy hamkorlikdagi ahamiyatini alohida ta’kidladilar.
Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey va dunyodagi eng yaxshi adabiy loyiha sifatida e’tirof etilgan ushbu Markaz va nashrlar, O‘zbekistonning madaniy va ma’naviy rivojlanishidagi katta yutuq sifatida tarixda qoladi.
iccu.uz