Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bandadan xato sodir bo‘lmasligi mumkin emas, balki sodir bo‘lgan xatolarni tuzatishga intilish — ana shu bandalik xususiyatidir. Odam bolasidan xato sodir bo‘lishi oddiy hol. Xatolarni afv etish esa hamma ham qila olmaydigan, oxiratda sharaf bo‘ladigan xislatdir.
Yevropalik bir faylasuf: «Olovni haddan ziyod yoqib yuborma, dushmandan oldin o‘zingni kuydirib qo‘ymasin», deydi.
Bir odam hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuga: «Men seni shunday haqorat qilamanki, u sen bilan birga qabringgacha boradi», dedi. Abu Bakr roziyallohu anhu: «Sening haqorating qabrgacha men bilan emas, balki o‘zing bilan birga boradi», dedilar.
Xullas, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu uning axloqsizligiga e’tibor ham bermadilar.
Qur’oni Karim johil kishilardan yuz o‘girib o‘tib ketishni va behuda ishlardan batamom saqlanishni ta’lim bergan va ta’kidlagan.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Yo Allohning Rasuli! Xizmatkorimning xatolarini necha marotaba avf qilayin?» deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga javob qilmay jim turdilar. U yana qayta so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har kuni yetmish marotaba» dedilar.
Imom Termiziy rivoyati.
Hadisdan olinadigan foyda shuki, xatolarni avf qilishning haddi belgilangan emas. Agar xodim har kuni yetmish marotaba xato qilsa ham, uni kechirish go‘zal xulq va rahm-shafqatning talabidir.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan
Abu Bakr roziyallohu anhuning muhabbati
Buyuk sahobiy Abu Bakr roziyallohu anhu bunday deydilar: “Biz hijratda edik. Men juda chanqab turgan edim. Ozgina sut olib kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uzatdim va: “Yo Allohning Rasuli, ichib oling”, dedim. Rasululloh ichdilar-u, mening chanqog‘im qondi”.
Bu gaplar aynan haqiqat. Abu Bakr roziyallohu anhu chin dildan shunday dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichdilar va Abu Bakr roziyallohu anhuning chanqoqlari qondi. Bu muhabbatning go‘zalligini his qila olyapsizmi? Bu o‘zgacha, xos bir muhabbatdir...
Savbon roziyallohu anhuning muhabbati
Payg‘ambar alayhissalom dastyorlari Savbon roziyallohu anhuning oldida kun davomida bo‘lmadilar. Nabiy alayhissalom qaytib kelganlarida Savbon roziyallohu anhu u zotga qarab: “Ey Allohning Rasuli, meni yolg‘iz tashlab ketdingiz”, dedi-da, yig‘lab yubordi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shunga yig‘layapsanmi?” – dedilar. Savbon roziyallohu anhu: “Yo‘q, Rasululloh! Lekin jannatda sizning va o‘zimning martabamni yodga olib qo‘rqib ketdim. Alloh taoloning mana bu oyati esimga tushdi: «Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni, payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir»[1]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xursand bo‘laver! Sen ham o‘zing muhabbat qo‘yganlar bilan birgasan”, dedilar.
Savod ibn G‘oziyyaning muhabbati
Savod ibn G‘oziyya Uhud g‘azoti kunida qo‘shinning markazida turardi. Nabiy alayhissalom qo‘shinga qarata: “Saflarni rostlanglar, to‘g‘ri turinglar!” – dedilar. Qarab borar ekanlar Nabiy alayhissalom Savod roziyallohu anhuning to‘g‘ri turmaganini ko‘rib: “Rostlangin, ey Savod!” – dedilar. Sahobiy: “Xo‘p”, dedi-yu, biroq to‘g‘irlanmasdan turaverdi. Payg‘ambar alayhissalom u tomonga yaqinlashib, qo‘llaridagi misvoklari bilan sahobiyning biqiniga niqtab: “Savod, to‘g‘ri turgin!” – dedilar. Savod: “Og‘rittingiz, Rasululloh! Alloh taolo sizni haq ila yuborgan bo‘lsa, endi men sizdan o‘ch olishim uchun imkon bering”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom qorinlarini ochib: “Qasosingni olvol, Savod”, dedilar. Savod roziyallohu anhu egilib qorinlarini o‘pa boshladi va: “Yo Allohning Rasuli, bugun shahidlik kunidir, shuning uchun ham oxirgi onlarimda tanam sizning muborak tanangizga tegib qolishini xohladim”, dedi.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Minbar yasalmasidan avval Nabiy sollallohu alayhi vasallam xurmoning tanasiga suyanib xutba qilar edilar. Bir muddat o‘tib, minbar joylashtirilganidan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar. Shunda o‘sha xurmo tanasidan (yosh boladay) o‘ksik ovoz chiqdi. Uni, hatto biz ham eshitdik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam keldilar-da, unga qo‘llarini tekkizdilar. Zum o‘tmay u tinchib qoldi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Niso surasi, 69-oyat.