Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Feyk xabar tarqatish yolg‘onga sheriklikdir

25.06.2025   14214   2 min.
Feyk xabar tarqatish yolg‘onga sheriklikdir

Bugungi kunda axborot tarqatish imkoniyati har bir insonda mavjud. Birgina so‘z, aloqa qurilmalaridagi birgina harakat butun jamiyatda shov-shuv, vahima keltirib chiqarishi mumkin. Anglamay yoki o‘yinqaroqlik bilan yoki maqsadli yolg‘on axborot tarqatish hollari ko‘p kuzatilmoqda. Xususan, din va e’tiqod kabi nozik masalalarda tarqatilayotgan feyk xabarlar nafaqat shaxsiy xatolik, balki jamiyatga salbiy ta’sir o‘tkazuvchi umumiy mas’uliyat hamdir.

Yolg‘on gapirish og‘ir gunohlardan sanaladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Rostgo‘ylikni mahkam tutinglar. Zero, rostgo‘ylik ezgulikka yo‘llaydi, ezgulik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapirish va rostgo‘ylikka intilishda davom etaveradi, natijada Alloh huzurida rostgo‘y deb yoziladi. Yolg‘onchilikdan saqlaninglar. Zero, yolg‘onchilik gunohkorlikka, fojirlik esa do‘zaxga boshlaydi. Banda yolg‘on gapirish va yolg‘onchilikka intilishda davom etaveradi, nihoyat Alloh huzurida yolg‘onchi deb yozilad”, dedilar. (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati).

Shunday ekan, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotni tarqatish qat’iy man qilingan.

Feyk xabar tarqatishning ko‘plab salbiy oqibatlari bor:

  1. Jamiyatda fitna keltirib chiqaradi – noto‘g‘ri ma’lumot odamlar o‘rtasida ishonchsizlik, gumon va bo‘linishlarga sabab bo‘ladi;
  2. Dinning mavqeyini tushiradi – to‘g‘ri tushunchalarni buzib ko‘rsatadi, e’tiqod qiluvchilarni adashtiradi;
  3. Rasmiy diniy muassasalarga nisbatan ig‘vo va ishonchsizlikni keltirib chiqaradi – feyk xabarlar ba’zan taniqli rasmiy diniy mas’ullar nomidan soxta fatvo va bayonotlar sifatida tarqatiladi;
  4. Jinoyatga olib boradi – ba’zi hollarda feyk xabarlar odamlarni tajovuzkor harakatlarga undaydi.

Qur’oni karimning Hujurot surasi 6-oyatda shunday marhamat qilinadi:

“Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmay bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar”.

Feyk, yolg‘on xabarlardan ehtiyot bo‘lish kerakligini Qur’oni karim ta’kidlamoqda. Demak, har qanday xabarni tekshirish va ehtiyot bilan yondoshish kerak.

Rost xabarni qanday ajratish mumkin:

  • Rasmiy axborot manbalariga tayanish;
  • Sarlavhasi emas, mazmuniga e’tibor berish;
  • Tarqatayotgan shaxs yoki sahtfalarni tekshirib ko‘rish;
  • Mutaxassislarga murojaat qilish.

Har bir xabar – tarqatuvchi uchun ham, undan foydalanuvchi uchun ham mas’uliyat. Aloqa vositalari va ijtimoy tarmoqlarga joylayotgan post bilan yo to‘g‘rilikni targ‘ib qilish, yoki odamlarni chalg‘itish mumkin.

Shunday ekan, feyk axborot tarqatish og‘ir ma’naviy jinoyatdir. Har bir musulmon bunday xatarli holatdan o‘zini va boshqalarni saqlashi lozim.

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

jome masjidi imom-xatibi Shermuhammad Boltayev

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   5997   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar