Sabrsizlik musulmonlar orasida turli ixtiloflar, urush-janjallar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Alloh Taolo sabr qiluvchilar bilan bo‘ladi. Ularni turli yomonliklardan asraydi. Sabr qilmay, chidamsiz bo‘lganlar esa, ixtilof girdobiga duchor bo‘ladilar.
Oyati karimaning oxirida Alloh taolo: “Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilandir”, deb marhamat qilgan.
Shuningdek, Alloh taolo “Rum” surasi 31-32 oyatlarda mo‘min-musulmonlarga quyidagi xitobni qiladi: “...Va mushriklardan bo‘lmang. Dinlarida tafriqaga tushgan, guruh-guruh bo‘lib olib, har bir jamoa o‘z oldidagi narsadan shod bo‘lganlardan bo‘lmang”.
Demak, dinda tafriqaga tushish mushriklarning ishi bo‘lib tanilgan ekan. Guruh-guruh bo‘lib olib, ixtilof chiqarish, talashib-tortishish ham mushriklarning ishi ekan. Har bir jamoa o‘z oldidagi narsadan shod bo‘lib, boshqalarni past sanashi ham mushriklarning ishi ekan.
Alloh taolo “An’om” surasi 109-oyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib: “Dinlarini tafriqa qilib, o‘zlari guruhbozlik qilganlar bilan hech bir aloqang yo‘q. Albatta, ularning ishi Allohning O‘ziga havola. So‘ngra qilgan ishlarining xabarini berur”, degan.
Ushbu oyati karimada Alloh taolo tafriqa va guruhbozlikka olib boradigan nizo hamda ixtiloflarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yo‘llaridan boshqa, ul hidoyat yo‘liga teskari yo‘l hisoblamoqda. Alloh taolo bu oyatda tafriqa va guruhbozlik Payg‘ambarimizning ummatlariga munosib emasligini qattiq ta’kidlamoqda.
Alloh taolo “Oli Imron” surasida siz bilan biz musulmonlarga xitob qilib: “O‘zlariga ochiq bayonotlar kelganidan keyin bo‘linib, tafriqaga tushganlarga o‘xshash bo‘lmanglar! Ana o‘shalarga ulug‘ azob bordir”, degan.
Tafriqaga tushib bir-birimiz ila tortishish nizolar urchib, fayzu baraka ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.
Yangiqo‘rg‘on tumani "Sayid bobo Termiziy" jome masjidi
imom-xatibi Abduvali Mahmudxonov
@SOFTALIMOTLAR
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati