Ommaviy axborot vositasi – jamiyat ko‘zgusi, millatning yuzi. Uning zimmasida keng jamoatchilikni fikrlashga chorlash, tarbiyalash, dunyoqarashni boyitishdek mas’uliyat turadi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Matbuot – jamiyat ko‘zgusi" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etildi. Unda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, OAV vakillari, Akademiya o‘qituvchi va xodimlari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda yurtimizda so‘z erkinligiga bo‘lgan e’tibor yangi darajaga ko‘tarilganini qayd etishdi. OAV demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, dunyoda va mamlakatimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy ma’lumotlar yetkazish, Yangi O‘zbekistonning demokratik qiyofasini shakllantirishda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidlashdi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari soha vakillarining mehnatini doimo e’tirof etar ekanlar, shunday fikrlarni bildirgan edilar:
"Biz bugun huquqiy demokratik davlat qurayotgan ekanmiz, jurnalistikaning butun dunyoda e’tirof etilgan, o‘zgarmas talab va mezonlariga amal qilishimiz zarur. Bu mezonlarning eng asosiysi – xolislik va haqqoniylikdir. Binobarin, matbuot maydoniga kirgan inson – u jurnalist bo‘ladimi, bloger bo‘ladimi, bundan qat’i nazar – ana shu qoidalarga amal qilishi shart".
Uchrashuv davomida "Yangi O‘zbekiston" va "Pravda Vostoka" gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, "Jadid" gazetasi bosh muharriri Iqboljon Mirzaaliyev, Adliya vaziri maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova hamda "Ziyo" media markazi direktori Abduhamid Muxtorov so‘zga chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Shundan so‘ng yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda yosh avlodning barkamol voyaga yetishi, xalqaro standartlar asosida ta’lim olishi, ilm-fan, kasb-hunar cho‘qqilarini egallashi hamda xalqimiz ma’naviy-ma’rifiy yuksalishi borasidagi yangilanishlarni keng jamoatchilikka samarali yetkazishda Akademiya bilan faol hamkorlik qilib kelgan bir guruh OAV xodimlarni bayram munosabati bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Bir guruh jurnalistlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
Madina shahri Islom tarixida bir nechta nomlar bilan atalgan. Ulardan eng mashhurlaridan biri “Toyyiba”dir.
Islomdan oldin shahar Yasrib deb atalgan. Bu nom “ayblash” va “yomonlash” kabi ma’nolarni anglatadi.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam shaharga hijrat qilganlarida, unga yangi nom berdilar. U zot alayhissalom shaharni “go‘zal” va “poklangan” ma’nosini anglatuvchi “Toyyiba” deb atadilar.
Shuningdek, Toyyibaga yaqin bo‘lgan va o‘xshash ma’noni anglatuvchi “Toba” nomi ham ushbu shahar uchun ishlatilgan.
Madinada topilgan VIII asrga oid qoyatosh yozuvida shahar Toyyiba nomi bilan atalgan. Bu esa ushbu nom Islomning ilk asrlaridanoq qo‘llanib kelinganini ko‘rsatadi.
Toyyiba bilan bir qatorda, shahar muayyan tarixiy jihatlarini aks ettiruvchi yana bir necha nomlar bilan ham tanilgan:
| Nomi | Ma’nosi |
| Madina | Shahar |
| Madinatu Nabiy | Payg‘ambar shahri |
| Madinai Munavvara | Munavvar shahar |
| Dorul Hijra | Hijrat diyori |
Po‘latxon Kattayev,
Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi