Mana, bu yilgi Haj safarini ado qilish uchun yurtimizdan otlangan barcha ziyoratchilar muqaddas amallarni bajarib, eson-omon vatanga qaytdilar. Bu ulug‘ safar nihoya topgan bo‘lsada, uning xotirasi doimo yodda qoladi.
Yurtimizdan 15 000 dan ziyod, Farg‘ona viloyatidan esa 1600 dan ortiq mo‘min-musulmonlar Haj amallarini ado etdilar. Ziyoratda bo‘lgan hojilarning ayrimlari taassurotlarini bo‘lishdi.
Ibrohimjon Rustamov:
– Hojilarning ulug‘ safarga yo‘l olishida hujjat ishlaridan tortib, shifokor ko‘rigidan o‘tishgacha barcha jarayonlar tizimli va xavfsiz tashkil etildi. Madinai munavvaraga kelib, amallarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ravzalariga kirish bilan boshlash biz uchun juda xursandlik bag‘ishladi. O‘zimizning va yuborilgan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamda hazrati Abu Bakr va Umar roziyallohu anhularga yetkazdik. Duolarda yurtimiz tinchligi, el farovonligi, yaqinlarimiz va barcha yurtdoshlarimizning xayrli holati uchun iltijo qildik.
Ziyoratlar chog‘ida Uhud va Qubo masjidi, ikki qiblali masjid va boshqa muqaddas joylar sayohat qilindi. Ilmiy suhbatlar va tarixiy voqealar qalbimizga chuqur ta’sir qildi. Madinadagi vaqtimiz ibodat bilan o‘tdi.
Makkai mukarramaga avtobuslarda “Labbayka” sadolari ostida yo‘l oldik va shu kuniyoq guruhimiz bilan to‘liq Umra ibodatini ado etdik. Mino, Arofot, Muzdalifa va Ka’ba atrofidagi ibodatlar davomida jamoaviy duo va zikrlar bilan tavof qilish, guruhimiz tartibi hamda birdamligi boshqalar uchun ham ibrat bo‘ldi.
Shu ulug‘ safarda o‘zimni musulmon va o‘zbekistonlik sifatida baxtli his etdim. Hotirjam ibodat qilishimga yaratilgan imkoniyatlar uchun yuragimdan shukronalar aytdim. Guruhimizdagi har bir ziyoratchi yurt tinchligi, oilalar barakati, farzandlar saodati uchun chin dildan duo qildi.
Bu safar biz uchun buyuk imkoniyat bo‘ldi. Barcha tashkilotchilar, yo‘lboshchilar, xizmatchilar va, albatta, davlatimiz rahbariyatiga chuqur minnatdorlik izhor etamiz. Kelgusida manaviyat targ‘ibotchisi sifatida vatanimga va xalqimga sidqidildan xizmat qilishda davom etaman, insha Alloh.
Qurbonali Aripov:
— Haj safari juda chiroyli o‘tdi. Juda ham hursandmiz. Prezidentimizga shunday sharoitlarni yaratib berganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Yurtimiz uchun duolar qildik, muqaddas ziyoratni ado etishga imkon bo‘lgan kunlarga shukronalar aytamiz. Endilikda mahallamizda yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda, ma’naviyat targ‘ibotida faol ishtirok etamiz. Ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lishga harakat qilamiz.
Hojilarning ulug‘ safarga kelishida hujjat tayyorlashdan tortib shifokor ko‘rigidan o‘tishda tizimli ish tashkil etib, namunali holda xavfsizligimizni ta’minlab, bizni safarga kuzatishdi.
Tolibjon O‘rmonov:
— Men avval ziyoratga borganlardan eshitgan-bilganlarimga taqqoslasam, buyilgi ziyorat umuman o‘zgacha bo‘ldi. Ishchi guruh, elikboshilar xizmatini alohida qayd etish kerak. Davlat rahbarining hojilarga bergan e’tibori hammani xursand qildi.
Muborakxon Inomova:
— Taassurotlarimni til bilan ifodalay olmayman, Madinai munavvara, Makkai mukarrama kabi ulug‘ dargohlarga avvalo qadamim yetgani men uchun katta baxt. Ayniqsa, yurtboshimizni bizni ortimizda turib hol-ahvol so‘ragani, bizga tabrik yo‘llaganlaridan ko‘zimga yosh oldim. Juda ham quvondim, shunday prezidentim borligidan.
Qaysi bir hoji bilan suhbatlashmang yuzida xursandchilik va shukronalik ifodasini ko‘rasiz. Alloh barchalarini ibodatu duolarini qabul qilsin!
Rahmatulloh Jalilov
tayyorladi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati