Biror kimning ziyoratiga bormoqchi bo'lsangiz, ziyoratga munosib vaqt tanlang hamda ko'p o'tirib qolmang. Yengil o'tirib qaytish payida bo'ling. Chunki mezbonning shaxsiy ishlari, vazifalari bo'lishi mumkin, sizga aytishdan hijolat bo'lib turgan bo'lishi mumkin. Ana shunday holatda uning oldida uzoq qolib ketishingiz unga og'irlik bo'ladi.
Shayx Aliy Tantoviy rahimahulloh aytadi: “Erta tongdan uyg'onib ishga otlanadigan odam qolganlarni ham o'ziga o'xshatadi. Bitta odam bir kuni tonggi oltida eshigimni taqillatdi, nima bo'ldi ekan deb o'rnimdan turib qarasam, meni ko'rgani kelgan ekanlar. Menga qarab: “Bezovta qilmadimmi, kettik birga ketamiz!” deydi! Huddi odam uyqudan uyg'ongach, to'shagidan sakrab turib to'g'ri ko'chaga chiqib ketadigandek. Bu baraka topkur o'ylamaydiki, odam degan o'rnidan turgach mundoq yuvinadi, nonushta qiladi, kiyinadi. Men uyg'ongach shularni qilmasam qiynalaman.
Yana ba'zi odamlar o'zi kech uxlagani uchun boshqalarni ham shunday deb o'ylaydi. Shunaqalardan bittasi bir kuni tungi soat o'nda eshigimni taqillatibdi. Uyqimni tashlab u bilan tunning yarimigacha o'tirib chiqdim. Kuni bo'yi ishlab charchagan uy bekasini ham uyg'otib oldim, janobi oliylariga kofe, choy damlab berish uchun, ehtimol og'irlik qilmasa kechki ovqat ham qilib berar dedim.
Yana ba'zilar men ishga yoki biror uchrashuvga ketgan paytim to'satdan kelib qoladi-da, u bilan o'tirishim uchun ortimga qaytaradi.
Hoy birodarlar! Bunaqada vaqtning qadrini qachon bilamiz? Qachon tushunib etamiz bitta odamning bir soat vaqtini o'g'irlasak, cho'ntagidan bir dinor o'g'irlagandek bo'lishimizni?
Qachon Qur'oniy odoblar bilan xulqlanamiz?! Axir Alloh taolo Qur'oni karimda: “O'z uylaringizdan boshqa uylarga to izn so'ramaguningizcha kirmang”(Nur surasi, 27-oyat), degan-ku.
Keyingi oyatda esa: “Agar sizga qayting, deyilsa, bas, qayting, o'sha siz uchun pokdir. Alloh nima amal qilayotganingizni o'ta biluvchidir”(Nur surasi, 28-oyat) deb marhamat qilgan”.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Bugun, 20 noyabr kuni Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida buyuk alloma tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirning ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi Ergash Daminov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Davron Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov hamda Qirg‘iziston Islom akademiyasi rektori Ermamat Ergeshov so‘zga chiqdilar.
Anjumanda O‘zbekiston, Malayziya, Misr, Qirg‘iziston, Italiya, Suriya va Afg‘oniston kabi mamlakatlardan 50 dan ziyod xorijiy va mahalliy olim va islomshunos mutaxassislar qatnashmoqda.
Ochilish marosimida Homidjon domla Ishmatbekov allomaning «Xatm al-avliyo», «Navodir al-usul» kabi yuzdan ortiq nodir asarlarida ilgari surilgan qalb pokligi, nafs tarbiyasi va hadis hikmatlariga oid g‘oyalar bugungi globallashuv davrida yot oqimlarga qarshi kurashish hamda yoshlar tarbiyasida mustahkam ma’rifiy asos ekanini ta’kidladi. Shuningdek, yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi va ilmiy-tadqiqot markazlarining tashkil etilishi, Hakim Termiziy majmuasining obod qilinishi buyuk ajdodlar merosini tiklash yo‘lidagi islohotlar samarasi ekani qayd etildi.
Yalpi majlisda O‘zbekiston, Malayziya, Misr va Qirg‘izistonning yetakchi olimlari Hakim Termiziy asarlarini zamonaviy ilm-fan asosida o‘rganish va xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan ma’ruzalar qildilar.
Ayni paytda anjuman «Islom sivilizatsiyasi rivojida Hakim Termiziy maktabi» hamda «Hakim Termiziy ma’naviy merosi – zamonaviy global tahdidlarga yechim» nomli ikki sho‘bada davom etmoqda. Ularda olimlarning o‘ttizdan ortiq ma’ruzalari tinglanib, yakunda ilmiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati