Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Noyabr, 2026   |   12 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:56
Quyosh
07:14
Peshin
12:14
Asr
15:17
Shom
17:02
Xufton
18:18
Bismillah
22 Noyabr, 2026, 12 Jumadul soni, 1448

Folbin – sehrgar, sehrgar esa...

29.02.2024   2109   6 min.
Folbin – sehrgar, sehrgar esa...

Johiliyat zamonidan buyon kishilar ongida yashab, ularni haq yo'ldan chalg'itib kelgan ba'zi muammolar hali ham barham topgani yo'q. Yaratganning O'zidan boshqa hech kim bilmaydigan, g'aybni bilish da'vosidagi ilmsizlik “folbinlik” deb ataladi. Folbinlik “kohinlik”, “ilmul raml”, “munajjimlik”, “arroflik” kabi nomlar bilan ham ataladi. Folbinlik Qur'oni karim hukmi bilan harom qilingan. Folbin, kohinning g'aybdan deb bergan xabarini tasdiqlash oyati karima va hadisi sharifga asosan kufrdir.

Alloh taolo Yunus surasi 106-oyatida bunday marhamat qiladi: “Allohni qo'­yib, foyda ham, zarar ham etkaza olmaydigan narsalarga iltijo qilmang! Agar (shunday) qilsangiz, unda, albatta, siz zolimlardandirsiz”. 

Hozirgi kunda ham biror narsasini yo'qotgan, biror ishda shubhaga borgan kimsalar, ayniqsa, ma'rifatsiz ayol-qizlar yoki tushkunlikka tushgan insonlarning aksari muammoning echimini topish uchun folbinlarga qatnamoqda. Oilaviy ajrimlarning kelib chiqishiga sabab bo'ladigan, akani ukadan ajratadigan, quda-andalar, qo'shnilar, hamkasblar orasiga sovuqchilik soladigan folbinlar cho'ntagini qappaytirmoqda. Folbinlarga boruvchilar esa vaqti, sog'ligi, puli havoga sovurilayotganiga, o'zlari qattiq gunohkor bo'layotganiga ahamiyat ham berishmaydi.

Ayni paytda kishilik jamiyatining eng katta muammolaridan biri ham sehr, folbinlik va munajjimlikdir. Bunga hujjat sifatida quyidagi oyat keltiriladi: “...Balki odamlarga sehr o'rgatadigan shaytonlar kofir bo'ldilar...”(Baqara surasi, 102-oyat). La'natlangan shaytonning odamlarga sehr o'rgatishdan ko'zlagan birdan-bir maqsadi – ularni mushrikka aylantirishdir.

Alloh O'ziga sherik qilgan insonni hech qachon kechirmaydi. Bugungi kunda ko'p­lab gumroh kimsalarning sehrga aralashib yurganiga guvoh bo'lasiz. Ular sehrni faqat harom deb o'ylaydilar va uning kufr ekanini his qilmaydilar. Bu hol, ayniqsa, er-xotin orasidagi munosabatlarda – issiq-sovuq va shu kabi narsalarni qilishda yaqqol namoyon bo'ladi. Ular bu ishlarida aksariyat qismi shirk va kufr bo'lgan so'zlarni qo'llaydilar.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Yettita halok qiluvchi gunohdan saqlaninglar”, deb ulardan biri sehr ekanini bayon qilganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati). Har bir banda Alloh taolodan qo'rqishi va dunyoyu oxiratini kuydiradigan bunday ishlardan saqlanishi lozim.

Vahb ibn Munabbih: «Ayrim kitoblarda o'qidimki: “Alloh azza va jalla: “Mendan o'zga iloh yo'q. Sehr qilgan va sehr qildirgan, fol ochgan va fol ochdirgan, shumlangan va shumlantirgan kimsalar Mendan emas”, deydi». Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Folbin – sehrgar, sehrgar esa kofirdir”, degan. Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadi: “Albatta, afsun o'qish, tumor taqish va issiq-sovuq qilish shirkdir” (Ibn Hibbon, Imom Hokim rivoyat qilishgan).

Kimki tumor yoki munchoq taqib, bu ko'z tegishidan saqlaydi deb e'tiqod qilsa, shirk keltirgan bo'ladi. Hitobiy roziyallohu anhu aytadi: «Qur'on yoki Alloh taoloning ismlari bilan dam solish mumkin. Chunki Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam Hasan va Husayn roziyallohu anhumoga dam solib: “Sizlarni Allohning to'liq kalimalari ila har bir shaytonu hasharotdan va har bir yomon ko'zdan O'z panohida saqlashini so'rayman”, der edilar» (Imom Hokim rivoyati). 

Folbinga qatnayotgan opa-singillarimizning bu yo'ldan qaytishlarini so'raymiz. Alloh taolo Qur'oni karimda bu ilm faqat O'zida ekanini aytgan. Alloh bilan Allohning ilmini talashayotgan bandalar, albatta, xor bo'lajak. Shu mal'un, iflos va jirkanch maxluqlarning oldiga borib, iymonu e'tiqodimizni poymol qilmaylik, azizlar. Kimki shu ishni qilgan bo'lsa, tavba qilsin.

Musulmon kishi boshiga musibat etganda sabr qiladi. Uning Allohdan ekanini biladi va Allohga yanada kuchliroq tazarru bilan sig'inib, musibatiga, g'am-anduhiga yupanch izlaydi. Mo'min kishi kasal bo'lsa, darrov azayimxonga yugurmasdan shariat ruxsat bergan tibbiy vositalar bilan davolanadi. 

Qur'on oyatlarini o'qib dam soladi... 

Hozirgi kunda turli duo­xon va azayimxonlarga borish ham xatarli bo'lib qolgan. Chunki ularning ko'pi shariatda vorid bo'lmagan allaqanday shubhali duolar va qasidalar bilan dam soladilar. Sehr, ya'ni ko'zbo'yamachilik, issiq-sovuq qilish katta gunoh. Sehr qilgani uchun olinadigan haq ham shariatda taqiqlangan ishni qilgani uchun harom. Alloh taoloning izni bo'lmasa, hech kimga zarar etmasligi Qur'oni karimda bayon qilingan. Ular kelajakda bo'ladigan ishlarni oldindan aytib berish da'vosi ila sodda insonlarni aldab, o'z tuzoqlariga ilintirmoqdalar. Kishilarda bo'lmag'ur shumlanish­larning paydo bo'lishi esa ko'p­lab oilalarning buzilib ketishiga, qo'ni-qo'shni, yaqin qarindoshlar, aka-uka, quda-andalarning orasiga sovuqchilik tushishiga sabab bo'lmoqda.

Masjidlarimizga ziyoratga kelgan ba'zilar: “Yo'limni ochib bering, baxtim ochilsin”, deb folbinlarning gapini aytishadi. Albatta, har bir ish Allohdan. Islom insonlarda uchraydigan badaniy xastaliklarni tib orqali, qalb xastaliklarini esa Qur'oni karim oyatlari bilan muolaja qilishga amr etgan. Har birimiz dinimizning amriga bo'ysunishimiz, folbin va kohinlarga qatnash ulkan gunoh ekanini yaxshi ang­lashimiz lozim.

Jahongirxon ABROROV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi
 Samarqand viloyati vakilligi xodimi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalqaro anjuman ishtirokchilari Hakim Termiziy maqbarasini ziyorat qildilar

20.11.2026   90629   1 min.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari Hakim Termiziy maqbarasini ziyorat qildilar

Bugun, 20 noyabr kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari buyuk mutafakkir majmuasida bo‘ldilar.

Xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan muftiylar, taniqli ulamo va islomshunos olimlar hamda mahalliy soha vakillari muqaddas qadamjoda Qur’oni karim tilovat qilib, ulug‘ muhaddis va mutasavvif haqlariga duoi fotiha o‘qidilar. Butun dunyoda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishi, yurtimiz yanada obodlashib, ajdodlarga munosib avlodlar yetishib chiqishini so‘rab xayrli duolar qilindi.

Mehmonlar mahobatli maqbara, serfayz hovli hamda majmuada amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.

Ular O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va allomalar merosiga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromga yuqori baho berdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari