Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Avgust, 2026   |   19 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:45
Quyosh
05:14
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:43
Xufton
21:12
Bismillah
02 Avgust, 2026, 19 Safar, 1448
Maqolalar

Mo‘tadillik - saodat

04.07.2025   16068   2 min.
Mo‘tadillik - saodat

Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.

Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.

Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.

Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida  “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar. 

Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”. 

Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.

Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi

Bahodir Mirfayziyev

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkent islom instituti o‘qituvchilari Al-Azhar universitetida malaka oshirdilar

31.07.2026   18517   1 min.
Toshkent islom instituti o‘qituvchilari Al-Azhar universitetida malaka oshirdilar

Al-Azhar universiteti huzuridagi Xorijiy talabalar ta’limini rivojlantirish markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti professor-o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan arab tili bo‘yicha malaka oshirish dasturi yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Ikki hafta davom etgan o‘quv kursi arab tili o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlar va til o‘qitishning ilg‘or metodikalarini o‘rganishga qaratildi.


Dastur yakunida o‘tkazilgan tantanali marosimda markaz rahbari, professor-doktor Nahla as-Saidiy ishtirokchilarga sertifikatlarni topshirdi. U mazkur tashabbus Al-Azharning arab tilini xalqaro miqyosda ommalashtirishga qaratilgan loyihalari doirasida amalga oshirilganini ta’kidladi.

Tadbir davomida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Nahla as-Saidiy Toshkent islom instituti bilan akademik aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish maqsadida hamkorlik memorandumini imzolash tashabbusini ilgari surdi.


O‘z navbatida, Toshkent islom instituti vakillari dastur yuqori saviyada tashkil etilgani uchun Al-Azhar universiteti rahbariyatiga minnatdorlik bildirdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Toshkent islom instituti o‘qituvchilari Al-Azhar universitetida malaka oshirdilar
O'zbekiston yangiliklari