Marg‘ilon shahrida jahon tamadduni va islom ilm-faniga beqiyos hissa qo‘shgan mutafakkirlardan biri — Imom Burhoniddin Marg‘iloniy nomi bilan bog‘liq yangi ilmiy-ma’rifiy turizm markazi barpo etilmoqda. “Navro‘z” mahallasi hududida tashkil etilayotgan mazkur majmua nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosda ham ahamiyatga molik loyihalardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Bosh reja asosida qurilayotgan markazda Burhoniddin Marg‘oniy ilmiy-tadqiqot markazi, zamonaviy shaklda tashkillashtiriladigan muzey, milliy uslubda barpo etiladigan “Otabek va Kumush” uyi, sun’iy ko‘l, maqom teatri, gastronomiya va xizmat ko‘rsatish markazlari, savdo do‘konlari, mehmonxonalar hamda bozor infratuzilmasi nazarda tutilgan.
Mazkur qurilishlar kelajakda Marg‘ilon shahrining tarixiy, ilmiy va turizm salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu joy, shubhasiz, ziyorat va ilmiy tadqiqot maqsadida keluvchilar uchun ham jozibador maskanga aylanadi.
Shu kunlarda mazkur hududda qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Bugungi kunda ilmiy-tadqiqot markazi binosi bilan bir qatorda boshqa muhim inshootlarning ham qurilishi boshlangan.
Marg‘ilon shahrida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar shahar bosh imom-xatibi Abdulfattoh domla Olimov boshchiligida majmua bilan yaqindan tanishish maqsadida obyektga bordilar.
Tashrif chog‘ida imom-xatiblar bu yerdagi qurilish ishlarining holati bilan tanishdilar, loyihalarning mazmun-mohiyati yuzasidan mas’ullardan ma’lumotlar olishdi.
Mazkur majmua nafaqat Marg‘ilon, balki Farg‘ona vodiysi hamda butun mamlakatimiz uchun muhim madaniy-ma’rifiy maskan bo‘lib, u kelajakda yoshlar tarbiyasi, diniy soha xodimlarining salohiyatini oshirish, milliy o‘zlikni anglash va qadriyatlarni asrash yo‘lida xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
#xabar #kirish_imtihoni #sana #manzil
2025-2026 o‘quv yili uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari hamda Toshkent islom instituti Modul ta’lim shakli uchun kirish imtihonlari sanasi va manzillari bilan tanishing:
1-hudud: JOYLASHUV (https://maps.app.goo.gl/Vmbm88k5b7tJg9WH6)
29-31 iyul kunlari Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi "Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf" jome masjidi majlislar zali;
2-hudud: JOYLASHUV (https://maps.app.goo.gl/4LDn82ij51CtGkzq5)
5-7 avgust kunlari Namangan viloyati Namangan shahridagi "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi;
3-hudud: JOYLASHUV (https://maps.app.goo.gl/E5fnbp9h4M34JbMV9)
11 avgust kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi;
4-hudud: JOYLASHUV (https://maps.app.goo.gl/NwTKBd1QPhnj66sG9)
13 avgust kuni Buxoro viloyati Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasi;
5-hudud: JOYLASHUV (https://maps.app.goo.gl/sLRA2EXo4rfrHhNPA)
15 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi "Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi.
Imtihon sanalari hududlardagi abituriyentlar sonidan kelib chiqqan holda belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida abituriyentlar o‘zining imtihon ruxsatnomasida ko‘rsatilgan hududdagina imtihon topshirishi mumkin. Boshqa hududlarda qabul qilinmaydi. Shu bois ulardan o‘zlari tanlagan hududda bo‘lishlari talab etiladi.
Hurmatli abituriyentlar! Qabul imtihonlari to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va diniy ta’lim muassasalarning rasmiy sahifalarida kuzatib boring.
Imtihon ruxsatnomasini olish tartibi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
2025-2026 o‘quv yili qabul jarayonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz (https://t.me/qabulmuslimuz) telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati