O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Indoneziyaning yangi tayinlangan elchisi Siti Ruhaini Juhayatinni qabul qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Indoneziyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Elchisi Siti Ruhaini Juhayatin xonimdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Siyosiy muloqotdan tortib iqtisodiy diplomatiyagacha bo‘lgan barcha sohalarda ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladik. Shubhasiz, O‘zbekiston-Indoneziya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun ko‘plab sohalarda keng imkoniyatlar mavjud.
Elchi xonimning boy tajribasini qadrlaymiz va mamlakatimizdagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz".
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 23 iyunda o‘rnatilgan. O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi yangi elchisi Oybek Eshonov 2024 yilning 4 noyabr kuni Indoneziya Prezidenti Subianto Prabovoga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.
"Dunyo" AA olgan surat
O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Bahrayn adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vazir muloqot avvalida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning Islom tamadduniga hissa qo‘shgan hissasini, mamlakat tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, yosh kelajak avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Farobiy, Zamaxshariy kabi Islom olamida yuksak obro‘-e’tibor topgan olimlarning merosi dunyo musulmonlarining umumiy boyligidir.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Islom ummatiga xizmat qilmoqda. Bahrayn Islom merosini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek tomoni bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilmiy izlanishlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor", – dedi adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida.
Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida Bahrayn delegatsiyani ishtirokini ta’minlash, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki mamlakat ilmiy markazlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida adliya, Islom ishlari va vaqf sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda ilmiy-amaliy ishlarni tashkil etish maqsadida mas’ul xodim tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati