Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

10.07.2025   15314   4 min.
​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berishicha, may oyining 13-sanasida bir kunda 3 mlrd so‘mlik energoresurslarini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Afsuski, bugun bunday gaz va elektr energiyaga yashirincha ulanib, davlatga milliardlab zarar yetkazgan kimsalar haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib qolamiz.
 

Birovning, ayniqsa, xalq haqidan qo‘rqmay o‘g‘rilik orqali manfaat topmoqchi bo‘layotgan insonlar oramizda ko‘plab topiladi. Bundaylarning nazdida gaz, suv, elektr energiya tuganmas boylik. Undan har kim o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi mumkin. Biroq bu ne’matlar xonadonlarga kirib borishi uchun minglab insonlar mehnat qilishini, davlat esa milliardlab mablag‘ sarflashini, ular ham bir kun tugab qolishini xayoliga ham keltirmaydi.


Aslida ushbu ne’matlardan oqilona foydalanish, isrof qilmaslik nafaqat fuqarolik majburiyatimiz, balki insoniy vazifamiz, mo‘minlik burchimizdir.


Aytish joizki, uyda, ishda, ko‘chada kommunal to‘lovlar atrofida aylanayotgan qator muammolar haqida ko‘p eshitamiz, ba’zan o‘zimiz uning guvohi yoki bevosita ishtirokchisiga aylanamiz. Lekin bu muammolar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki ayrim nobop kimsalarning qilmishi oqibatida yuzaga chiqayotgani yodimizga ham kelmaydi. To‘lovlarni imkon bo‘la turib asossiz bahonalar yoki o‘z vaqtida to‘lamaslik yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirish yoxud har xil hiylalar ishlatib, ularni to‘lashdan qochish davlatning va xalqning haqini yeyish hisoblanadi. Chunki tabiiy boyliklar davlat va xalq mulkidir.


Qolaversa, kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon ta’minotchilar bilan shartnoma tuzib, qo‘l qo‘ygan va o‘zaro kelishuvda to‘lovni o‘z vaqtida ado etishga kelishgan. Shu bois to‘lovlarni vaqtida ado etishimiz shar’an ham joiz. 


Ta’kidlash lozimki, xalqning mulkida barcha fuqarolar, xususan, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-yesirlar, keksalarning haqi bor. Ulardan foydalanishga kelganda faol bo‘lib, to‘lovga kelganda qochayotgan, paysalga solayotganlar yuqorida zikr etilgan qatlamlarning ham haqini o‘zlashtirib, nohaq yeyayotganini bilib olsinlar. Zero, Qur’oni karimda: Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar (Niso surasi 29-oyat), deya ogohlantirilgan. Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘zgalarning moliga, ayniqsa, jamoat mulkiga xiyonat etmasligi darkor! Bunga e’tiborsizlik oxiratda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.


Havla binti Amr roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: Ba’zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo‘lishadi (Imom Buxoriy rivoyati). Shunday ekan, bu masalaga jiddiy yondashishimizga to‘g‘ri keladi.


Shuningdek, gaz, elektr energiya va suv kabi ne’matlardan oqilona foydalanish ham dinimiz talabidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Iqtisod qilgan kimsa kambag‘al bo‘lmas, maslahat qilgan pushaymon bo‘lmas” (“Mushkotul nasobih”), deb tavsiya  berganlar.


Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).


Demak, doim ahli solihlardan bo‘lib, tejamkor bo‘lish, isrofga yo‘l qo‘ymaslik, har bir narsani o‘z o‘rnida, me’yorida tasarruf qilish, keragidan ortiq, behudaga sarflamaslik nabiylikning yetmish juzidan bir juz, yetmish bo‘lagidan bir bo‘lak ekan. Buni har bir mo‘min-musulmon yaxshi anglab, hayotiga tatbiq qilishi lozim.


Xulosa qilib aytganda, halollik inson hayotini xotirjam, osoyishta va farovon qiladi. Shunday ekan, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, xalq haqiga xiyonat qilmaylik, azizlar!

 

G‘ayrat BOZOROV,

Dehqonobod tumani

“Oqrabot ota” jome masjidi

imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Sabotul ojizin” – insonni ma’naviy komillikka yetaklab kelgan asar

18.09.2026   2532   8 min.
“Sabotul ojizin” – insonni ma’naviy komillikka yetaklab kelgan asar

O‘zbek adabiyotining zabardast siymolaridan biri, zullisonayn shoir, adib, faqih, naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi So‘fi Allohyorning "Sabotul ojizin” asari “Ojizlar matonati” yoki “Ojizlar saboti” degan ma’noni anglatadi. Bu nazmiy asar XX asr boshlarigacha madrasalarda diniy-axloqiy fanlardan asosiy darslik sifatida o‘qitilgan.

Mustaqillik sharofati bilan biz yana o‘tmishda yashab, o‘lmas asarlar yaratgan ulug‘ ajdodlarimiz hayoti va ijodini chuqur o‘rganib, bahramand bo‘lish sharafiga erishdik. Buyuk ajdodlarimizning tavallud kunlarini keng nishonlab, ular qoldirgan benazir merosni dunyoga keng tarannum etish imkoniyatiga ega bo‘ldik.

Prezidentimizning 2024 yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi, joriy yil 7 iyuldagi “Buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorlari ham fikrimizga yaqqol dalildir.

Naqshbandiya tariqatining vakillaridan biri So‘fi Allohyor arab, fors va o‘zbek tillaridagi nodir asarlari bilan dinimiz va adabiyotimiz tarixidan munosib o‘rin egallagan ulkan ijodkor. Uning she’riy uslubda yozilgan “Sabotul ojizin” kitobi o‘zbek va tojik xalqlari orasida juda-juda mashhur.

Kitob ko‘plab musulmon davlatlarida nashr etilgan. Maxsus lug‘atlar, hatto arabcha sharhlar bitilgan. So‘fi Allohyor masalalarni bayon etish jarayonida oyat va hadislardan dalillar keltiradi. Har bir masalaga to‘xtalar ekan, taqvo hamda odob jihatlarini ham eslatib o‘tadi.

Shubhasiz, So‘fi Allohyor bu asarini ilm va tajriba orttirib, xolis niyat bilan yozgani uning fikru mulohazalaridan bilinib turadi. Madrasalarda maxsus o‘qitilgan bu asarni tolibi ilmlar qisqacha “So‘fi Allohyor”, deb ataganlar. Asarning toshbosma va qo‘lyozma nusxalari O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va boshqa mamlakatlarga keng yoyilgan.

O‘zbek falsafiy didaktik adabiyotining yetuk namunasi bo‘lgan “Sabotul ojizin”da tasavvuf ta’limotining ma’naviy-axloqiy masalalarini keng yoritish bilan u turkiy tasavvuf adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shgan. Asarlarida islom ahkomlari, tariqat talablari, insoniy komillik shartlarini birma-bir ta’riflab bergan. Axloqiy-ta’limiy ahamiyati jihatidan, xususan, “Maslakul muttaqiyn” va “Sabotul ojiziyn” asarlari maktab va madrasalarda asosiy darsliklar qatorida o‘qitilib kelgan. Uning diniy-tasavvufiy ruhdagi pandu hikmatga yo‘g‘rilgan asarlari nafaqat Turkiston, balki Qashqardan tortib Etel (Volga), Yoyiq (Ural) daryolari vohalari, Hojitarxon (Astraxan), Bulg‘or, Orenburg va boshqa mintaqalarda yashovchi xalqlar orasida ham keng tarqalgan. Ular ko‘p nusxalarda ko‘chirilgan. XIX asrning oxirlariga kelib esa Toshkent, Qozon, Boku, Istanbul va boshqa shaharlarda toshbosma yo‘li bilan bir necha marta bosilib chiqqan.

“Sabotul ojizin” o‘z turidagi boshqa kitoblardan farqli ravishda o‘quvchini zeriktiradigan uzun ham, ma’lumoti oz ham emas, balki o‘rtacha shaklda yozilgan kitobdan iboratligi, asar lafzi yorqinligi, iboralari yengilligi, kerakli ma’lumotlarni qisqa lafzlar bilan o‘zida mujassam etgani hamda aqida ilmini to‘liq tushunish va terminlarini yodlab qolishni yengillashtirgani aniqlangan.

So‘fi Allohyor bu asarda boshqa asarlaridagi kabi e’tiqod sofligi, aqidaviy masalalarga doir ko‘plab muhim ma’lumotlarni berib o‘tgan. Xususan, allomaning fikricha, aqidani bilish, o‘rganish, hayotga tatbiq etish, o‘ziga shior qilib olishga alohida e’tibor qaratish kerak. Buni alloma bir og‘iz so‘z bilan quyidagi uslubda bayon qilgani fikrimiz tasdig‘idir:

Aqida bilmagan shaytona eldur,

Agar ming yil amal deb qilsa, yeldur.

Demak, aqidani yaxshi o‘rganib, tushunib, anglab, aslini so‘rab-surishtirib, so‘ng uning qiymatiga baho berish kerak.

“Sabotul ojizin” asari fiqhiy, aqidaviy ilmiy-nazariy va tarixiy-tadrijiy asoslarini o‘rganuvchi muhim manbaligi isbotlanib, ixtilofga sabab bo‘lgan ayrim fiqhiy va aqidaviy masalalarning yechimi ochib berilgan.

Mazkur asar mustabid tuzum davrida ba’zi shaxslar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingan. Unga ateistik nuqtayi nazardan baho berilgan. Undagi ma’lumotlar o‘quvchini yo‘ldan ozdirishi, bir taraflama fikrlaydigan qilib qo‘yishi aytib o‘tilgan.

So‘fi Allohyor aqidaga oid masalalarni ishonchli dalillar asosida keltirib o‘tgan va bunda oyat va hadislardan o‘rinli foydalangan. O‘rni kelganda, oddiy lafzlarga qarab emas, balki azal-azaldan o‘lkamizda tadbiq etib kelinayotgan o‘lmas qadriyat va urfiy amalni asos qilib olib, bu masaladagi mavjud ixtiloflarni ilmiy yo‘l bilan yechib berganligi asoslantirilgan.

“Sabotul ojizin” ahli sunna val jamoa e’tiqodini nazmiy uslubda bayon etgan mo‘tabar asar hisoblanadi. Shuning uchun ham ulug‘ ustozlardan biri bu asarni “Sabotul ojizin” mag‘zi Qur’ondir”, deya lo‘nda ta’riflagan. Asar ahli ilmlarni doimo o‘ziga jalb etib kelgan. Shu sababli unga ko‘plab sharhlar yozilgan va yozilmoqda.

Xalqimiz orasida alohida “Olloyorxonlik” kechalari o‘tkazilishi, uning baytlari hatto oddiy xalq tillarida yoddan o‘qib yurilishining o‘zi uning manzur bo‘lganiga va xalq ko‘nglidan joy olgan muhim asar ekanini ko‘rsatadi. Shu bois ham bu asar turli davrlarda turli davlatlarda qayta-qayta nashr etilgan. Masalan, Toshkentda 1882, 1884, 1905, 1915 yillarda, Qo‘qonda 1890 yilda, Kogonda 1910 yilda, Toshkentda 1991, 2007 yillarda qayta nashr qilingan. Pokiston, Hindiston, Eron, Iroq, Afg‘oniston, Tatariston, Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Xitoy, Vengriya, Rossiya kabi davlatlarda ham nashr etilgani asarga talab juda katta bo‘lganidan dalolat beradi.

“Sabotul ojizin” asarining saqlanayotgan nusxalari orasida turli tafovutlar mavjuddir. Shunga ko‘ra O‘zbekistonda taniqli olim Rashid Zohid tomonidan 94 qo‘lyozma va 61 toshbosma matnlarini o‘zaro qiyoslab, asarning eng ishonchli matni tayyorlangan. Bu matn nashr etilgan.

Tabiiyki, “Sabotul ojizin” qo‘lma-qo‘l o‘tib o‘qib yuriladigan mashhur asar bo‘lganidan unga ko‘plab sharhlar yozilgan. Xususan, qozonlik olim Tojuddin Yolchiqul o‘g‘li hijriy 1221/1806 yilda bu asarga “Risolai Aziza sharhu “Sabotul ojizin” nomli sharh yozgan. U 1835 yil Qozonda, 2000 yil O‘zbekistonda nashr etilgan. Asar “Sabotul ojizin”ga yozilgan birinchi sharh kitobi bo‘lgani uchunmi unda matn tarixi, matn talqini bilan bog‘liq nuqsonlar uchraydi. Sharh muqaddimasida So‘fi Allohyorning tarjimayi holi haqida keltirilgan ma’lumotlarning tarixiy asosga ega emasligini ko‘rish mumkin. Shunday to‘qima, rivoyatnoma dalillar ayrim baytlar sharhida ham kuzatiladi. Salohiddin ibn Rovil Salimiy Qozoniyning “Irshod ul-’oiziyn” asari 1911 yilda Qozonda nashr etilgan. Ushbu asarning toshbosma nusxasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida 9320 raqami ostida saqlanmoqda. Sayyid Habibulloh ibn Sayyid Yahyoxon Farg‘oniy, Qobuliyning “Hidoyatut tolibiyn sharhu “Sabotul ojizin So‘fi Allohyor” kitobi 1928 yil Pokistonda, 2009 yilda Toshkentda chop etilgan. Shayx Muhammad Sa’iyd Turkistoniyning “Sabotul ojizin sharhi” asari Damashqda 1967 yil nashr qilingan,  To‘raxo‘ja ibn mulla Soriyxo‘ja O‘zgandiyning “Sharhu sabotul ojizin” kitobi arab tilida yozilgan. O‘zbek tilidagi asarni arab tilida sharhlaganining sabablari haqida muallif shunday yozgan:

“Xalil (sollallohu alayhi vasallam) millatining chirog‘i, komil shayxga nisbat berilgan “Sabotul ojizin” kitobi tolibi ilmlar qo‘llarida qo‘lma-qo‘l bo‘lgan, ko‘plab nasihatlar va latif so‘zlarni o‘zida jamlagan, ulug‘vor arab tilidagi hamda yoqimli tillar bo‘lgan fors va turkiy tillardagi so‘zlar bilan bitilgan kitob bo‘lgani uchun ba’zi do‘stlar bu zaif bandadan ushbu kitobning tilini bayon qilib beradigan, undan iroda qilingan ma’nolarini ochib beradigan sharh yozishni iltimos qildilar. Men bu kitobni arab tilida sharhladim. Chunki arab tili bayoni ochiq-oydin bo‘lgan va Qur’on nozil bo‘lgan tildir (qisqartirib olindi)”

Arab tilida yozilgan bu sharhning qo‘lyozma nusxasi O‘zbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasida 1427 raqam ostida saqlanmoqda.

Asarning markazida – inson va uning ma’naviy komillik sari intilishi turadi. Bu komillikning asosiy sharti – nafsdan poklanish, dunyoviy manfaatlardan voz kechish va Alloh muhabbatiga yetishishdir. Muallif sufiy ta’limotga tayanadi va uning asosiy bosqichlarini shunday aks ettiradi.

Oyatulloh Ayniddin, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziy bo‘lim boshlig‘i, Imom Termiziy o‘rta maxsus islomta’lim muassasasi mudarrisi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari