Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Oktabr, 2026   |   22 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:03
Quyosh
06:21
Peshin
12:12
Asr
16:16
Shom
18:06
Xufton
19:20
Bismillah
03 Oktabr, 2026, 22 Rabi`us soni, 1448

Otam o‘rgatgan uch amal

11.07.2025   11259   1 min.
Otam o‘rgatgan uch amal

Otam menga o‘rgatgan uchta ishni hech qachon unutmayman. Sizlarga ham ular haqida aytib bergim keldi.

Birinchisi, otam mening qo‘limdan tutib, yozishni o‘rgatardi. Men o‘qish va yozishni otamdan o‘rgandim. Hayotim mobaynida nimaiki yaxshi narsa o‘qisam, yozsam, uning savobidan otamga ham nasiba borib turadi, inshoalloh.

Ikkinchisi, otam tirnoqlarimni olib qo‘yar, menga bu ishning ahamiyati, tirnoq ostidagi mikroblarning zarari, xususan, ovqat paytidagi ziyoni haqida gapirib berardi. Biroz kattaroq bo‘lganimda tirnog‘imni o‘zim olishimni o‘rgatdi. Har tirnoq olganimda shularni eslab, haqiga duo qilib qo‘yaman.

Uchinchisi, otam nonushta qilmay uydan chiqishimga yo‘l qo‘ymasdi. Sog‘lom bo‘lishda ertalabki nonushtaning ahamiyatini keyin bilib oldim. Har nonushta qilganimda ham otamning haqqiga duo qilaman.

Ma’ruzalarimdan birida yig‘ilganlardan: «Farzandlaringizga har kuni qo‘llaydigan uchta ajoyib odatingiz bormi?» deb so‘radim. Bir ota dedi: «Ishga ketishimdan oldin ularni o‘pib qo‘yaman, asr namozini o‘qib bo‘lgach, ularing har biri uchun duo qilaman, uyquga yotishlaridan oldin ularni bag‘rimga bosaman».

Siz ham o‘zingizdan so‘rab ko‘ring-chi, otangiz yoki onangiz siz uchun bajaradigan uchta eng yaxshi ishni eslay olasizmi? Yoki o‘zingiz bolangizga uchta yaxshi odatni o‘rgatyapsizmi?.. 

Abdulloh Muhammad Abdulmu’tiyning

"FARZAND TARBIYASIDA 700 SABOQ" kitobidan

Boshqa maqolalar

HIJRATNI TANLAGANLAR HAQ YO‘LDAMI?

02.10.2026   24098   3 min.
HIJRATNI TANLAGANLAR HAQ YO‘LDAMI?

2-QISM

 

Raddiya: Hijrat va jihod masalasi sharoit, imkoniyat va shariat hukmlariga bog‘liq. Ushbu fitnachining go‘yoki “ushbu ummatga jihodsiz hayot yo‘q” kabi da’volariga aldanayotgan ayrim yoshlar “jihod” urush olib borish ekan” degan tor tasavvurlar bilan Suriyadagi terrorchilar safiga borib qo‘shilmoqda.

Ma’lumki, “jihod” arabchada “jiddu jahd”, “g‘ayrat qilmoq” ma’nolarini anglatib, Islom ta’limotida dastlab dinni himoya qilish sifatida vujudga kelgan tushuncha hisoblanadi. Jihod urush ma’nosida emas, Allohning diniga so‘z bilan da’vat qilish ma’nosida yuzaga kelgan. Arab tilida asli “urush” ma’nosini “qitol” so‘zini anglatadi.

Jihod Islom huquqshunoslari tomonidan “qalb jihodi” (insonning o‘zining nafsi va yomon hulqi bilan kurashuvi), “til jihodi” (yaxshilikka chaqirish, yomon ishlardan qaytarish), “qo‘l jihodi” (jinoyatchilarni jazolash) va “qilich jihodi” (dushman bilan qurolli kurash) kabi ko‘rinishlarda bo‘lishi e’tirof etiladi.

Jaloliddin Suyutiyning “Al-Fathul kabir” kitobida (2-juz, 280-b.) keltirilgan hadisda Rasulluloh sollallohu alayhi vasallam: “Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoyi nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush kelingiz!” deganlar. Ushbu hadisdan eng afzal jihod insonning o‘z nafsini yengishi ekani kelib chiqadi.

Jihod masalasida Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda “Jihodning afzali Alloh taoloning yo‘lida havoyi nafsingga qarshi jihod qilmog‘ingda”, deyilgan.

Dunyo ulamolarining xulosalariga ko‘ra, islomda qurolli jihod hukmi sharoitga qarab o‘zgarib turadi va ikki qism: talab va mudofaadan iborat ekanini ta’kidlaydilar. Talab jihodi hozirgi kunda yo‘q ekaniga ulamolar ijmo qilganlar. Chunki musulmonlar hozir turli mamlakatlarda istiqomat qilib, mamlakatlar orasidagi munosabatlar hozirda o‘zaro urushmaslikka va elchixonalar orqali aloqalarga asoslangan.

Mudofaa jihodi dushman musulmon yurtiga bostirib kirsa, himoya uchun zarur bo‘lib, u hech qachon ichki fitna shaklida bo‘lishi mumkin emas. Islomda qonuniy hokimiyatga qarshi fitna qilib, bog‘iylarcha qurol ko‘tarib chiqish emas, aksincha, qonuniy hokimiyatni himoya qilish buyurilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim menga itoat qilsa, Alloh taologa itoat qilgan bo‘ladi. Kimki amirga itoat qilsa, demak menga itoat qilibdi va kimki amirga osiylik qilsa, demak menga osiylik qilibdi. Chunki amir – orqasidan, ya’ni uni himoya qilib jang qilinadigan hamda u bilan dushmandan saqlanadigan qalqondir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ular dalil qilib keltirayotgan oyat va hadis qo‘rqitish ma’nosidagi matnlardandir. Bu kabi oyat va hadislardan hukm chiqarish uchun asl hukmlarga qaytiladi. Asl hukm bo‘yicha, ahli tavhid do‘zaxda abadiy qoladigan kofir bo‘lmaydi.

Imom Muhammad ibn Ismoil San’oniy o‘zining “Subulus salom” nomli mashhur kitobida yuqoridagi hadis va uning ma’nosidagi boshqa hadislarni sharhlab bo‘lganidan keyin, quyidagi hadisning sharhida aytadi:

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Fathdan keyin hijrat yo‘q”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

“Bu hadis umumiy va o‘zidan oldin kelgan hijratga dalolat qiluvchilarini nasx qiluvchidir, deydilar. Shu bilan birga, Nabiy sollallohu alayhi vasallam musulmon bo‘lgan arablarni O‘zlari tomon hijrat qilishga amr qilmaganlar va o‘z yurtlarida turishlarini inkor qilmaganlar”.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi