Alloh taolo aytadi: "Lekin Alloh ularning otlanishlarini yoqtirmay, tutib qoldi", (Tavba surasi, 46-oyat).
Alloh sizni din ishlariga xizmatchi qilib olgan bo‘lsa, demak, qalbingizga qarab, rozi bo‘libdi. Oddiy bir inson o‘z ishlarida uquvsiz kimsalarni ishlatgisi kelmaydi-ku, Alloh ishlatadi deysizmi?
Allohning yo‘lidan uzoq bo‘lgan odam borki, albatta, Alloh uning ichidan boxabarligi uchun rozi bo‘lmagan. Mashhur odamlarga havas qilmang. Ular arzimagan ishlar bilan mashg‘ullar. Alloh ularni yaxshi ko‘rganida, o‘ziga xodim qilib olgan bo‘lardi.
Zarracha savob ish qilmagan milliarderlarga havas bilan qaramang. Alloh ularni yaxshi ko‘rganida, ulardan yuz o‘girmagan bo‘lardi.
"Rasailu minal Qur’an" asaridan
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «(Umrida) aslo yaxshilik qilmagan bir kishi o‘z ahliga: «O‘lsam, (jasadimni) kuydirib, yarmini quruqlikka, yarmini dengizga sochib yuboringlar. Allohga qasamki, agar Alloh meni topib olsa, hech kimga bermagan azobi bilan azoblaydi», dedi.
O‘sha odam o‘lgach, buyurganidek qilishdi. Alloh quruqlikka buyurdi, u (kulning) o‘zidagi qismini to‘pladi, so‘ng dengizga buyurdi, u ham uning o‘zidagi qismini to‘pladi. Keyin U Zot: «Nega bunday qilding?» dedi. U: «Sendan qo‘rqqanimdan, yo Robbim! Axir O‘zing bilguvchisan!» dedi. Shunda Alloh uni mag‘firat qildi» (Imom Muslim rivoyati).