Ahli sunna val jamoaning e'tiqodi bunday: “Kim kichik yoki katta gunoh qilib, tavba qilmasdan vafot etsa, Alloh taolo xohlasa, fazl aylab uning gunohlarini kechadi, xohlasa, adolat aylab uni azoblaydi. Iymon bilan vafot etgan hamma bandalar katta yo kichik gunohlarni qilgan bo'lsalar ham, shafoat qilinadi. Payg'ambarimiz alayhissalom bunday marhamat qilganlar: “Shafoatim ummatimdan katta gunoh qiluvchilarga bo'ladi. Kim uni inkor qilsa, qiyomatda unga erishmaydi. Uni namoz o'qiguvchilarga bo'ladi deb o'ylaysizlarmi? Uni ro'zadorlarga bo'ladi deb o'ylaysizlarmi? U (shafoatim) xatokor musulmonlarga bo'ladi” (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud va Imom Ibn Moja rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Qachon qiyomat bo'lsa, odamlar to'planib, Odam alayhissalomning yonlariga kelib: “Bizni shafoat qiling”, deyishadi. Odam alayhissalom: “Shafoat qilish huquqi menda yo'q. Nuhning oldiga boringlar”, deydi. Nuh alayhissalomning oldiga borib: “Bizni shafoat qiling”, deyishadi. Nuh alayhissalom: “Menda shafoat qilish huquqi yo'q, Ibrohimning oldiga boringlar”, deydi. Ibrohim alayhissalomning oldiga borib: “Bizni shafoat qiling”, deyishadi. Ibrohim alayhissalom: “Menda shafoat qilish huquqi yo'q, Musoning oldiga boringlar”, deydi. Muso alayhissalomning oldiga borib: “Bizni shafoat qiling”, deyishadi. Muso alayhissalom: “Menda shafoat qilish huquqi yo'q, Isoning oldiga boringlar”, deydi. Iso alayhissalomning oldiga borib: “Bizni shafoat qiling”, deyishadi. Iso alayhissalom: “Menda shafoat qilish huquqi yo'q, Muhammad alayhissalomning oldiga boringlar”, deydi. So'ng ular shafoat so'rab oldimga kelishadi. “Menda shafoat qilish huquqi bor”, deyman. So'ng turaman va Arshning ostida “Maqomi mahmud” deyiladigan joyda sajda qilaman va Alloh menga ilhom qilgan hech bir hamd aytuvchi aytmagan hamdlar bilan Alloh taologa hamd aytaman. Alloh taolo: “Ey Muhammad, boshingizni ko'taring! Shafoat qiling, shafoatingiz qabul qilinadi. So'rang, so'raganingiz beriladi”, deydi. Men boshimni ko'tarib: “Ey Rabbim, menga ummatimdan katta gunoh qilganlarni shafoat qilishimga izn berishingni va'da qilgan eding”, deyman. Alloh taolo: “Boring, qalbida zarra yoki bir dona arpa miqdoricha iymoni bor kishilarni do'zaxdan chiqaring”, deydi. Men yana sajda qilaman. Alloh taolo: “Ey Muhammad, boshingizni ko'taring! Shafoat qiling, shafoatingiz qabul qilinadi. So'rang, so'raganingiz beriladi”, deydi. Men boshimni ko'taraman. Alloh taolo aytadi: “Boring va qalbida bir dona xantal urug'i miqdoricha iymoni bor kishilarni do'zaxdan chiqaring”. Men yana sajda qilaman. Alloh taolo: “Ey Muhammad, boshingizni ko'taring! Shafoat qiling, shafoatingiz qabul qilinadi. So'rang, so'raganingiz beriladi”, deydi. Men boshimni ko'tarib: “Ey Rabbim, umri davomida bir marta “Laa ilaaha illalloh” degan barcha kishilarni shafoat qilishimga izn ber”, deyman. Alloh taolo aytadi: “Izzatim va jalolimga qasamki, bu Mening hukmim, boring, umrida bir marta “Laa ilaaha illalloh” degan kishilarni do'zaxdan chiqaring”...» (Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati).
«Yaqinda Rabbingiz sizga (shunday ne'matlarni) ato eturki, siz, albatta, (undan) rozi bo'lursiz» (Zuho surasi, 5-oyat). Bu oyat shafoatning haqligini inkor qilib bo'lmaydigan dalildir.
Kofirlar do'zaxda mo'minlarning o'rniga azob tortishadi. Oyati karimada ogohlantiriladi: «Albatta, ular o'zlarining yuk (gunoh)larini ham, u yuklari bilan birga (boshqa) yuklarni ham ko'tarurlar...» (Ankabut surasi, 13-oyat).
Kofirlar mo'minlarni yomon ko'rganlari, haqorat, g'iybat qilganlari va mo'minlarga qarshi urush qilganlari uchun mo'minlar o'rniga azoblanishga loyiqdirlar.
“At-Tamhid fi bayonit tavhid”
asaridan Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent islom instituti ilmiy
ishlar va fan bo'yicha prorektori
Soatmurod PRIMOV
tarjimasi
"Ular yengillikda ham, og‘irlikda ham nafaqa qiladiganlar, g‘azabini yutadiganlar va odamlarni afv qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradir" (Oli Imron surasi, 134-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kim jannatda binolar qurilishini va darajalari ko‘tarilishini xohlasa, zulm qilganni afv etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin" (Imom Hokim rivoyati).
Boshqa hadisda Nabiy alayhissalom: "Qiyomat kuni bir jarchi, odamlarni afv qilganlar qani? "Robbingiz huzuriga mukofotingizni olgani keling", deb chaqiradi. Afv qilgan har bir musulmon jannatga kirishga haqlidir", deganlar.