Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyul, 2025   |   13 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
08 Iyul, 2025, 13 Muharram, 1447

Shafoat haqida

28.02.2024   1548   6 min.
Shafoat haqida

Ahli sunna val jamoaning e'tiqodi bunday: “Kim kichik yoki katta gunoh qilib, tavba qilmasdan vafot etsa, Alloh taolo xohlasa, fazl aylab uning gunohlarini kechadi, xohlasa, adolat aylab uni azoblaydi. Iymon bilan vafot etgan hamma bandalar katta yo kichik gunohlarni qilgan bo'lsalar ham, shafoat qilinadi. Payg'ambarimiz alayhissalom bunday marhamat qil­ganlar: “Shafoatim ummatimdan katta gunoh qiluvchilarga bo'ladi. Kim uni inkor qilsa, qiyomatda unga erishmaydi. Uni namoz o'qiguvchilarga bo'ladi deb o'ylaysizlarmi? Uni ro'zadorlarga bo'ladi deb o'ylaysizlarmi? U (shafoatim) xatokor musulmonlarga bo'ladi” (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud va Imom Ibn Moja rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Qachon qiyomat bo'lsa, odamlar to'planib, Odam alayhissalomning yonlariga kelib: “Bizni shafoat qiling”, deyishadi. Odam alayhissalom: “Shafoat qilish huquqi menda yo'q. Nuhning oldiga boringlar”, deydi. Nuh alayhissalomning oldiga borib: “Bizni shafoat qiling”, deyishadi. Nuh alayhissalom: “Menda shafoat qilish huquqi yo'q, Ibrohimning oldiga boringlar”, deydi. Ibrohim alayhissalomning oldiga borib: “Bizni shafoat qiling”, deyishadi. Ibrohim alayhissalom: “Menda shafoat qilish huquqi yo'q, Musoning oldiga boringlar”, deydi. Muso alayhissalomning oldiga borib: “Bizni shafoat qiling”, deyishadi. Muso alayhissalom: “Menda shafoat qilish huquqi yo'q, Isoning oldiga boringlar”, deydi. Iso alayhissalomning oldiga borib: “Bizni shafoat qiling”, deyishadi. Iso alayhissalom: “Menda shafoat qilish huquqi yo'q, Muhammad alayhissalomning oldiga boringlar”, deydi. So'ng ular shafoat so'rab oldimga kelishadi. “Menda shafoat qilish huquqi bor”, deyman. So'ng turaman va Arshning ostida “Maqomi mahmud” deyiladigan joyda sajda qilaman va Alloh menga ilhom qilgan hech bir hamd aytuvchi aytmagan hamdlar bilan Alloh taologa hamd aytaman. Alloh taolo: “Ey Muhammad, boshingizni ko'taring! Shafoat qiling, shafoatingiz qabul qilinadi. So'rang, so'raganingiz beriladi”, deydi. Men boshimni ko'tarib: “Ey Rabbim, menga ummatimdan katta gunoh qilganlarni shafoat qilishimga izn berishingni va'da qilgan eding”, deyman. Alloh taolo: “Boring, qalbida zarra yoki bir dona arpa miqdoricha iymoni bor kishilarni do'zaxdan chiqaring”, deydi. Men yana sajda qilaman. Alloh taolo: “Ey Muhammad, boshingizni ko'taring! Shafoat qiling, shafoatingiz qabul qilinadi. So'rang, so'raganingiz beriladi”, deydi. Men boshimni ko'taraman. Alloh taolo aytadi: “Boring va qalbida bir dona xantal urug'i miqdoricha iymoni bor kishilarni do'zaxdan chiqaring”. Men yana sajda qilaman. Alloh taolo: “Ey Muhammad, boshingizni ko'taring! Shafoat qiling, shafoatingiz qabul qilinadi. So'rang, so'raganingiz beriladi”, deydi. Men boshimni ko'tarib: “Ey Rabbim, umri davomida bir marta “Laa ilaaha illalloh” degan barcha kishilarni shafoat qilishimga izn ber”, deyman. Alloh taolo aytadi: “Izzatim va jalolimga qasamki, bu Mening hukmim, boring, umrida bir marta “Laa ilaaha illalloh” degan kishilarni do'zaxdan chiqaring”...» (Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati).

«Yaqinda Rabbingiz sizga (shunday ne'matlarni) ato eturki, siz, albatta, (undan) rozi bo'lursiz» (Zuho surasi, 5-oyat). Bu oyat shafoatning haq­ligini inkor qilib bo'lmaydigan da­lildir. 

Kofirlar do'zaxda mo'minlarning o'r­niga azob tortishadi. Oyati karimada ogohlantiriladi: «Albatta, ular o'zlarining yuk (gunoh)larini ham, u yuklari bilan birga (boshqa) yuklarni ham ko'tarurlar...» (Ankabut surasi, 13-oyat). 

Kofirlar mo'minlarni yomon ko'r­ganlari, haqorat, g'iybat qilganlari va mo'minlarga qarshi urush qilgan­lari uchun mo'minlar o'rniga azoblanishga loyiqdirlar.

“At-Tamhid fi bayonit tavhid”

asaridan Imom Buxoriy nomidagi

Toshkent islom instituti ilmiy

ishlar va fan bo'yicha prorektori

Soatmurod PRIMOV

tarjimasi

 
MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Indoneziyaning yangi tayinlangan elchisi O‘zbekistonga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi

07.07.2025   6091   1 min.
Indoneziyaning yangi tayinlangan elchisi O‘zbekistonga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov  Indoneziyaning yangi tayinlangan elchisi Siti Ruhaini Juhayatinni qabul qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri. 

 

"Indoneziyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Elchisi Siti Ruhaini Juhayatin xonimdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Siyosiy muloqotdan tortib iqtisodiy diplomatiyagacha bo‘lgan barcha sohalarda ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladik. Shubhasiz, O‘zbekiston-Indoneziya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun ko‘plab sohalarda keng imkoniyatlar mavjud.

 

Elchi xonimning boy tajribasini qadrlaymiz va mamlakatimizdagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz".

 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 23 iyunda o‘rnatilgan. O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi yangi elchisi Oybek Eshonov 2024 yilning 4 noyabr kuni Indoneziya Prezidenti Subianto Prabovoga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

 

"Dunyo" AA olgan surat

O'zbekiston yangiliklari