Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Noyabr, 2026   |   14 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:58
Quyosh
07:16
Peshin
12:15
Asr
15:16
Shom
17:00
Xufton
18:17
Bismillah
24 Noyabr, 2026, 14 Jumadul soni, 1448

Vaqt nega tez o'tyapti?

28.02.2024   2016   2 min.
Vaqt nega tez o'tyapti?

“Allohning do'stlarining vaqti barakali” bo'ladi degan gap juda mashhur, balki mushohad, ya'ni ko'z bilan ham ko'rilgandir. Ular ozginagina vaqtda juda katta-katta ishlarni qilib yuboradilar. Imom G'azzoliy rahimahullohning umrlari u kishining yozgan asarlarining hisobi bilan taqsimlanganida bir kunga o'n olti juz kitob to'g'ri kelgan. Buni hech tushunib bo'lmaydi.

Imom Abdulvahhob Sha'roniy o'z kitobi “Al-yavoqiyt val-javohir”da bunday yozadilar: “Bu kitobning 300 ta bobi bo'lib, har bir bobni yozishda men Shayx Ibn Arabiyning “Al-futuhot” asarini mukammal o'qib chiqdim”.

“Al-futuhot” esa bir necha ming sahifa keladi. Demak u kishi “Al-yavoqiyt val-javohir” asarini yozishda “Al-futuhot”ni uch yuz marotaba o'qib chiqqan bo'lyaptilar. Shu bilan birga u kishi: «“Al-yavoqiyt val-javohir”ni men 30 kun ichida yozdim», deydilar.

Binobarin, imom Sha'roniy ikki ming sahifadan kam bo'lmagan “Al-futuhot”ni bir kunda o'n martadan o'qigan ekanlar. Solih olimlar hamda ulug'larning bunday voqealari juda ham ma'ruf va mashhurdir.

Shu o'rinda “Vaqtda bu qadar kenglik qanday qilib paydo bo'lishi mumkin?” degan savol paydo bo'ladi. Holbuki, biror kishining soati oltmish daqiqadan, bir kecha-kunduzi esa yigirma soatdan oshmaydi.

Hujjatul Islom, hazrat, mavlono Muhammad Qosim Nonutaviy rahimahullohning bu to'g'ridagi tahqiqlari shuki, vaqtning bir tuli, ya'ni bo'yi, uzunligi bo'ladi. Buni hamma biladi. Soat va daqilar mana shu tul (bo'y, uzunlik)ning nomidir. Huddi shunday vaqtning arz, ya'ni eni va kengligi ham bo'ladiki, bu ommaning nazariga ko'rinmaydi. Allohning do'stlari vaqtning mana shu eni va kengligida ulkan ishlarni amalga oshiradilar.

Yorqinjon Fozil rahimahulloh

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“The Nation” gazetasi: O‘zbekistonda vijdon erkinligi konstitutsiyaviy huquq sifatida mustahkam kafolatlangan

24.11.2026   6823   3 min.
“The Nation” gazetasi: O‘zbekistonda vijdon erkinligi konstitutsiyaviy huquq sifatida mustahkam kafolatlangan

Pokistonning “The Nation” gazetasida O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev qalamiga mansub “Yangi O‘zbekistonda inson qadri va diniy bag‘rikenglik” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

 Muallif ta’kidlanganidek, bugun O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, xalqimizning ma’naviy dunyosini boyitish hamda milliy va diniy qadriyatlarini asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi insonning huquq va manfaatlarini ta’minlash, munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan.

“Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya davlat siyosatining markaziga chiqarildi.

Bu jarayonlar diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar bilan ham uzviy bog‘liq. Chunki inson qadrini ulug‘lash, uning e’tiqodiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, vijdon erkinligini ta’minlash va turli qarashlarga bag‘rikenglik bilan yondashish barqaror va adolatli jamiyatning muhim shartlaridir.

“Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, vijdon erkinligini ta’minlashning huquqiy asoslari yaratildi. Keyinchalik mazkur qonun yangi tahrirda qabul qilinishi bilan bu kafolatlar zamon talablari asosida yanada takomillashtirildi. Bugun mamlakatimizda vijdon erkinligi konstitutsiyaviy huquq sifatida mustahkam kafolatlangan”, – deb yozgan qo‘mita raisi. 

O‘zbekistonning buyuk tarixida ilm-fan va ma’rifat doimo yuksak o‘rin tutgan. Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan buyuk allomalarimizning diniy-ma’rifiy merosi ana shu ulkan sivilizatsiyaning ajralmas qismidir.

“Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilgani, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ana shu bebaho merosni chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi esa bu yo‘nalishdagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Samarqand zaminida Imom Buxoriy majmuasining qaytadan bunyod etilgani ham o‘zbek xalqining buyuk muhaddis merosiga yuksak ehtiromini ifodalaydi”, – deya qayd etgan Sodiq Toshboyev.

Shuningdek, u bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashab kelayotgani alohida urg‘ulagan.

Inson qadri ulug‘langan, qonun ustuvor bo‘lgan va jamiyatda o‘zaro hurmat qaror topgan yurtda iqtisodiy taraqqiyot ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi. O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar tashqi siyosati ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

 Muallif maqolasini “Tinchlik va osoyishtalikni asrash, inson qadrini ulug‘lash, vijdon erkinligini ta’minlash, ilm-ma’rifatni yuksaltirish, yoshlarni ezgu maqsadlar sari yo‘naltirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, turli millat va konfessiya vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash Yangi O‘zbekistonning yorug‘ kelajagini bunyod etish yo‘lidagi eng muhim vazifalarimizdir”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari