Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:00
Quyosh
06:18
Peshin
12:13
Asr
16:21
Shom
18:11
Xufton
19:25
Bismillah
30 Sentabr, 2026, 19 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Fursat g‘animatdir

22.07.2025   13292   2 min.
Fursat g‘animatdir

Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.


Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.


Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.


Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.

Abdulvohid ISAQOV,

Namangan shahridagi

“Miryoqubboy Mirhakimboy”

jome masjidi imom xatibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Malayziyadagi MIHAS xalqaro halol mahsulotlar ko‘rgazmasida ishtirok etdi

30.09.2026   381   1 min.
O‘zbekiston Malayziyadagi MIHAS xalqaro halol mahsulotlar ko‘rgazmasida ishtirok etdi

“Malaysia International Halal Showcase” (MIHAS) xalqaro halol mahsulotlar ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Joriy yilgi MIHAS ko‘rgazmasida dunyoning 80 ga yaqin davlatidan 1700 dan ortiq ishlab chiqaruvchi, savdo va servis kompaniyalari o‘z mahsulot hamda xizmatlarini namoyish etmoqda. Ular tomonidan 2400 dan ziyod ko‘rgazma stendlari o‘rnatilgan bo‘lib, tadbir 14 ta soha yo‘nalishini qamrab olgan.

Ko‘rgazmada O‘zbekistonning oziq-ovqat sanoati va eksportga yo‘naltirilgan yettita korxonasi o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Xususan, mamlakatimizning ichki bozorda ham, xalqaro maydonda ham faol rivojlanib borayotgan “Ermak”, “Ermak Plus”, “Crafers”, “NMedov” va “Delice” kabi brendlari tomonidan sertifikatlangan 100 dan ortiq turdagi halol oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, milliy amaliy san’at namunalari taqdim etildi.

Yetakchi o‘zbek brendlari tomonidan namoyish etilgan sifatli quritilgan mevalar, meva pastilalari, sara qandolat mahsulotlari ko‘rgazmaga tashrif buyurgan mahalliy hamda xorijiy mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi va ijobiy baholandi.

To‘rt kun davom etadigan mazkur tadbir o‘zbek korxonalari uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘rgazma mahalliy kompaniyalarga Malayziya va boshqa xorijiy davlatlarning chakana savdo tarmoqlari, ulgurji savdo kompaniyalari va importyorlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri biznes muzokaralar olib borish imkoniyatini beradi. O‘z navbatida, bu o‘zbek mahsulotlarining nafaqat Malayziya bozoriga, balki Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bozorlariga ham keng yo‘l ochishiga xizmat qiladi.

MIHAS (Malaysia International Halal Showcase) Malayziyada o‘tkaziladigan halol mahsulotlarning eng yirik har yilgi xalqaro ko‘rgazmalaridan biridir. Ko‘rgazma jahon halol industriyasining asosiy ishtirokchilarini birlashtiruvchi muhim maydon hisoblanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari