Boshlang'ich sinfda o'qigan paytimda o'qishim biroz orqada edi. Bir kuni onam: “Qizalog'im, men Alloh taolodan o'qishlaring a'lo bo'lishini va dunyoda ham, oxiratda ham meni xursand qilishingni so'rayapman, inshaalloh, sen bu dunyoda ham, oxiratda ham mening ko'zimni quvontirasan”, dedilar.
Onam bu gaplarini shunday samimiy, shunday to'lqinlanib aytdilarki, hatto ko'zlarida yosh ham yiltiragandek bo'ldi o'shanda. Bu gapdan ta'sirlanmaslikning iloji yo'q edi.
O'sha kundan boshlab men darslarda jiddu-jahd qilib, sheriklarimdan o'zib ketishga harakat qila boshladim. Boshida bu oson bo'lmadi. Chunki maktabda o'qishi pastligi bilan tanilib qolgan bolalarning ustozlar nazariga tushishi oson emas ekan. Tengdoshlarim ham avvaliga darslarni yaxshi tayyorlab borishimni hazm qilisholmadi. Menga kimdir tayyorlab berayapti deb o'ylashdi.
To'g'ri, ba'zida darslarimga onam qarashib turardilar. Lekin aksar vazifalarimni o'zim bajaradim. Onam ham menga vazifalarimni qilib bermas, balki faqat tushuntirib berardilar, xolos.
Oxir-oqibat Allohning fazli bilan ko'p mashaqqat va qiyinchilik bilan bo'lsa-da a'lochilar doskasidan suratim joy olishiga erishdim. Keyinchalik kollejda, undan keyin universitetda ham eng faol talabalar safida bo'ldim. Oliy o'quv yurtlari o'rtasida o'tkazilgan musobaqalarda bir necha bor g'olib bo'ldim.
Onamning birgina aytgan o'sha gaplari mening shunchalik o'zgarishimga sabab bo'ldi.
Demak farzandlarimizga xuddi kattalardek samimiy munosabatda bo'lishimiz, “Ular hali yosh bola, bunday gaplarni tushunmaydi” demasdan, ularga dildan gapirishimiz o'zining kuchli ta'sirini bermay qolmas ekan.
Allohga shukrki, a'lo baholarim bilan bu dunyoda onamni xursand qilish, roziliklarini olish nasib bo'ldi. Endi qiyomatda ham u kishining ko'zini quvontiradigan holda bo'lishimni Allohdan so'rab qolaman.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Bugun, 20 noyabr kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari buyuk mutafakkir majmuasida bo‘ldilar.
Xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan muftiylar, taniqli ulamo va islomshunos olimlar hamda mahalliy soha vakillari muqaddas qadamjoda Qur’oni karim tilovat qilib, ulug‘ muhaddis va mutasavvif haqlariga duoi fotiha o‘qidilar. Butun dunyoda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishi, yurtimiz yanada obodlashib, ajdodlarga munosib avlodlar yetishib chiqishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Mehmonlar mahobatli maqbara, serfayz hovli hamda majmuada amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ular O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va allomalar merosiga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromga yuqori baho berdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati