Savol: Lavhul mahfuz va qalam nima? Ular haqida tushuncha bersangiz?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
“Lavh” - Alloh xaloyiqning taqdirlarini yozdirgan narsadir.
“Mahfuz” saqlangan ma’nosida bo‘lib, u boshqalarning nazari tushishi va o‘zgarish yoki buzilishlardan muhofaza qilingan deganidir.
“Qalam” mazkur lavhga Alloh taoloning amri bilan bandalarning qadarlarini yozgan vositadir.
Mo‘min-musulmon odam lavh va qalamga iymon keltirmog‘i vojib. Bu ikki narsa ham g‘aybiyot turkumiga kiradi. Bu haqda Sadriddin Hanafiy rohimahulloh bunday zikr qilganlar: "Lavh, qalam va u bilan lavhga yozilgan narsalarga iymon keltirish vojibdir.
Alloh taolo bunday xitob qilgan: “Balki U Qur’oni Majiddir. Lavhul Mahfuzdadir” (Buruj surasi, 21–22-oyatlar).
Boshqa bir oyatda bunday xitob qiladi: “Nuun. Qalam bilan va satrlarga yozadigan narsalar bilan qasam” (Qalam surasi, 1-oyat).
Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Albatta, Alloh lavhul mahfuzni oq durdan yaratgandir. Uning sahifalari qizil yoqutdandir. Uning Qalami nurdir. Kitobi nurdir. Unda har kuni Alloh uchun uch yuz oltmish lahza bor. Uning kengligi osmon bilan yerning orasicha. Har kuni unga uch yuz oltmish marta nazar soladi. Xalq qiladi (yaratadi), rizq beradi, o‘ldiradi, tiriltiradi, aziz qiladi, xor qiladi. Xohlagan narsasini qiladi” (Imom Tabaroniy “Mo‘jamul kabir”da rivoyat qilgan).
Qalam haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Albatta, Alloh birinchi xalq qilgan narsa qalamdir. Bas, unga: “Yoz!” dedi. U: “Ey Robbim, nimani yozay?” dedi. U Zot taboraka va taolo: “Qiyomatgacha bo‘ladigan har bir narsaning taqdirini yoz”, dedi.
(Imom Abu Dovud Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilgan. "Sharhi aqiydatut-tahoviyya" kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Yurtimizda har yili 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu ayyom jamiyatimizda muallimlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz hurmat-ehtiromning ramziy ifodasi bo‘lib, aslida, ustozni ulug‘lash ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan eng go‘zal qadriyatlardan biridir.
Muqaddas dinimizda ilm ahli va ustozlarning maqomi nihoyatda yuksak. Qur’oni karimning Mujodala surasi 11-oyatida ularning obro‘-e’tibori naqadar baland ekani shunday bayon qilinadi: «...Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilm berilganlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur».
Kasb bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi va hududdagi jome masjidlar imom-xatiblari, shuningdek, Nukus shahridagi «Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri hamda mudarrislari ishtirokida xayrli tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida ko‘p yillar davomida diniy sohada samarali mehnat qilib, yoshlarga ilm-ma’rifat ulashgan va bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriy ustozlarning holidan xabar olindi. Ulamolar va diniy soha xodimlari muhtaram ustozlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdilar.
Alloh taolo dinimiz ravnaqiga beminnat xizmat qilgan aziz ustozlarimizga mustahkam sog‘lik, mazmunli umr va oilaviy xotirjamlik ato qilsin!
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati