114 ta Qur’oni Karim nusxasi asosida kitob-albom
700 yillik tarixga ega Qur’on qo‘lyozmasi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi fransiyalik, turkiyalik va avstriyalik nufuzli mutaxassislar bian hamkorlikda “114 Qur’on” loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida O‘zbekiston tarixiy merosiga tegishli dunyodagi Qur’on qo‘lyozmalari tanlab olinadi va Markaz muzeyi asosiy qismi sifatida Qur’oni karim zali bo‘limi ekspozitsiyasidan o‘rin oladi. Bugun Islom sivilizatsiyasi markazida mazkur loyihaning yakunlovchi bosqichga yetayotgani munosabati bilan turkiyalik olim, Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez o‘z taqdimotini namoyish qildi.
Taqdimotda O‘zbekistonning taniqli ulamolari va islomshunoslari — shayx Abdulaziz Mansur, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidbek Ishmatbekov, markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov, ilmiy xodim Azimjon G‘afurov hamda qator tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Istanbul universiteti professori Emek Ushenmezning ma’lum qilishicha, ushbu loyiha doirasida Markaz bilan hamkorlikda 114 ta Qur’oni Karim nusxasi asosida kitob-albom tayyorlanmoqda. Emek Ushenmezning ta’kidlashicha, kitob-albom “Kirish qismi” va 4 bo‘limdan iborat bo‘lib, unda VII asrdan XX asrgacha Turkiston hududida yaratilgan va dunyo arxivlarida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma Qur’onlar haqida tarixiy-ilmiy ma’lumotlar keltiriladi.
Kitob-albomdan joy oladigan mashhur nusxalar qatorida — Usmon mus'hafi, Katta Langar Qur’oni, Moviy Qur’on, Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar va Boburiylar davridagi hamda xonliklar davriga oid nusxalar o‘rin oladi. Har bir qo‘lyozmaning faksimile (aniq nusxa) ko‘rinishida 2 sahifasi kitobda o‘z aksini topadi. Ularning umumiy tartibi 30 porani qamrab olib, to‘liq Qur’oni Karim manzarasini yaratadi.
Professor Ushenmez aytib o‘tgan muhim jihatlardan biri — 1467 yilda Amir Temurning nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmalik xotun tomonidan o‘z qo‘li bilan ko‘chirilgan Qur’on nusxasi ham albomda joy olishi. Shuningdek, Qo‘qon xoni Amir Umarxonning Usmoniylar sultoni Mahmud II ga sovg‘a qilgan tarixiy qo‘lyozma nusxasi haqida ham ma’lumot berildi.
Eng e’tiborli qismlardan biri — 1318 yilda Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonga atab oltin varaqda ko‘chirilgan 700 yillik tarixga ega Qur’on qo‘lyozmasidan suralar kiritilayotganidir. Ushbu nusxa mo‘g‘ullar davridan keyin saqlanib qolgan eng asosiy Qur’on mus'haflaridan biri hisoblanadi.
Taqdimot so‘ngida professor Emek Ushenmez ushbu noyob qo‘lyozmalarning tarixiy, manbashunoslik va madaniy qimmatini alohida ta’kidladi hamda ularning kelib chiqish tarixi O‘zbekiston bilan chambarchas bog‘liq ekanini qayd etdi.
O‘tgan solihlardan biri Alloh taoloning ushbu: “...Mast holingizda, to aytayotgan gapingizni biladigan bo‘lmaguningizcha, namozga yaqinlashmang...” (Niso surasi, 43-oyat) oyatini eshitib, bunday dedi: “Qanchadan-qancha namozxonlar borki, ular xamr ichmaganlar, lekin dunyoning mashg‘ulotlari ularni mast qilib qo‘yganidan namozida nima deyayotganini bilmaydi”.
Izoh: Demak, inson nafaqat aroq yoki boshqa mast qiluvchi ichimliklardan, balki dunyoning ko‘plab chalg‘ituvchi, o‘ziga tortuvchi ishlari, tashvishlari va ularni hal qilishga bo‘lgan harakatlar natijasida ham “mast” bo‘lishi mumkin ekan.
Ya’ni, inson shunchalik ko‘p dunyoviy ishlarga sho‘ng‘ib ketadiki, ular uning fikri-yodini egallab oladi va oqibatda u Allohga ibodat qilayotganida ham dunyoni o‘ylayveradi, namozida nima deyayotganini tushunmay qoladi.
Shuningdek, dunyoga bo‘lgan haddan tashqari muhabbat va u bilan band bo‘lish insonning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini, natijada ibodatlarning qadri va mohiyati ham yo‘qolib qoladi.
Xuddi mast inson kabi, bunday kishi ham o‘zining holatini to‘liq anglab yetmaydi va ibodatning haqiqiy huzuridan mahrum bo‘ladi.
Eslatma: Qur’oni karimdagi: “Mast holingizda, to aytayotgan gapingizni biladigan bo‘lmaguningizcha, namozga yaqinlashmang..” oyati ichkilik xususida nozil bo‘lgan ikkinchi oyatdir.
Agar birinchi oyatda (Baqara surasi, 219-oyat) ichkilikda ko‘p foyda va zararlar bor, ammo uning zarari foydasidan ko‘proq, deyilgan bo‘lsa, bu yerda musulmonlar uchun eng ulug‘ maqom bo‘lgan namoz o‘qish paytida mast holda bo‘lmaslikka buyurish bilan Qur’on uning harom narsa ekanligiga ishora qilib, unga nisbatan mo‘minlarda nafrat uyg‘otmoqda.
Navbatdagi ichkilik to‘g‘risida keladigan oyatda uni harom, deb e’lon qilinadi. Shariatning barcha hukmlari ana o‘sha so‘nggi oyatga asoslanadi.