Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Avgust, 2025   |   9 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:20
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:42
Xufton
21:07
Bismillah
03 Avgust, 2025, 9 Safar, 1447
Yangiliklar

“114 Qur’on” loyihasi yakuniy bosqichda: Ekspozitsiyada nurli sahifalardagi tarix va tamaddun

01.08.2025   3198   3 min.
“114 Qur’on” loyihasi yakuniy bosqichda: Ekspozitsiyada nurli sahifalardagi tarix va tamaddun

114 ta Qur’oni Karim nusxasi asosida kitob-albom

 

700 yillik tarixga ega Qur’on qo‘lyozmasi



 

    O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi fransiyalik, turkiyalik va avstriyalik nufuzli mutaxassislar bian hamkorlikda “114 Qur’on” loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida O‘zbekiston tarixiy merosiga tegishli dunyodagi Qur’on qo‘lyozmalari tanlab olinadi va Markaz muzeyi asosiy qismi sifatida Qur’oni karim zali bo‘limi  ekspozitsiyasidan o‘rin oladi. Bugun Islom sivilizatsiyasi markazida mazkur loyihaning yakunlovchi bosqichga yetayotgani munosabati bilan turkiyalik olim, Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez o‘z taqdimotini namoyish qildi.

 

    Taqdimotda O‘zbekistonning taniqli ulamolari va islomshunoslari — shayx Abdulaziz Mansur, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidbek Ishmatbekov, markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov, ilmiy xodim Azimjon G‘afurov hamda qator tadqiqotchilar ishtirok etdi. 




    Istanbul universiteti professori Emek Ushenmezning ma’lum qilishicha, ushbu loyiha doirasida Markaz bilan hamkorlikda 114 ta Qur’oni Karim nusxasi asosida kitob-albom tayyorlanmoqda. Emek Ushenmezning ta’kidlashicha, kitob-albom “Kirish qismi” va 4 bo‘limdan iborat bo‘lib, unda VII asrdan XX asrgacha Turkiston hududida yaratilgan va dunyo arxivlarida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma Qur’onlar haqida tarixiy-ilmiy ma’lumotlar keltiriladi.


    Kitob-albomdan joy oladigan mashhur nusxalar qatorida — Usmon mus'hafi, Katta Langar Qur’oni, Moviy Qur’on, Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar va Boburiylar davridagi hamda xonliklar davriga oid nusxalar o‘rin oladi. Har bir qo‘lyozmaning faksimile (aniq nusxa) ko‘rinishida 2 sahifasi kitobda o‘z aksini topadi. Ularning umumiy tartibi 30 porani qamrab olib, to‘liq Qur’oni Karim manzarasini yaratadi.




    Professor Ushenmez aytib o‘tgan muhim jihatlardan biri — 1467 yilda Amir Temurning nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmalik xotun tomonidan o‘z qo‘li bilan ko‘chirilgan Qur’on nusxasi ham albomda joy olishi. Shuningdek, Qo‘qon xoni Amir Umarxonning Usmoniylar sultoni Mahmud II ga sovg‘a qilgan tarixiy qo‘lyozma nusxasi haqida ham ma’lumot berildi.


    Eng e’tiborli qismlardan biri — 1318 yilda Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonga atab oltin varaqda ko‘chirilgan 700 yillik tarixga ega Qur’on qo‘lyozmasidan suralar kiritilayotganidir. Ushbu nusxa mo‘g‘ullar davridan keyin saqlanib qolgan eng asosiy Qur’on mus'haflaridan biri hisoblanadi.


    Taqdimot so‘ngida professor Emek Ushenmez ushbu noyob qo‘lyozmalarning tarixiy, manbashunoslik va madaniy qimmatini alohida ta’kidladi hamda ularning kelib chiqish tarixi O‘zbekiston bilan chambarchas bog‘liq ekanini qayd etdi.

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

“Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar

01.08.2025   5564   1 min.
“Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar

Ma’ruf ibn Fayruz al-Karxiy rahimahulloh aytadilar:

“Dunyo to‘rt narsadan iborat: mol, so‘z, uyqu va taom. Mol tug‘yonga olib boradi, so‘z adashtiradi, uyqu esdan chiqaradi, taom shahvatga yetaklaydi”.


“Solihlar ko‘p, lekin ular ichida siddiqlar kam”.


“Alloh kimga yaxshilikni istasa, unga amal eshigini ochib, tortishish eshigini yopadi. Agar yomonlik istasa, amal eshigini yopib, tortishish eshigini ochadi”.


“Allohga tavakkul qil, toki U sening ustozing va shikoyat qiladigan Zoting bo‘lsin. Chunki insonlardan naf yo‘q”.


“Ko‘zlaringizni tiying, hatto urg‘ochi qo‘ydan ham”.


“Saxiylik — muhtoj paytda muhtoj narsani boshqa birovga berishdir”.


“Tungi ibodat mo‘min uchun qiyomat kunida nur bo‘lib, o‘ngu so‘lini yoritadi. Kunduzgi nafl ro‘za esa, bandani do‘zaxning issig‘idan uzoqlashtiradi”.


“Qiyomat kunida bir nido qilguvchi: “Ey Allohni madh qilganlar turinglar”, deb nido qiladi. Shunda, “Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar turishadi”.


“Avliyolarning alomati nima?” — deb so‘rashdi. “Alomatlari uchtadir: Alloh uchun g‘am chekadi, Alloh bilan mashg‘ul bo‘ladi va Alloh tomonga qochishadi”.


Dovud Toiyning do‘stlaridan biri menga: “Amalni tashlama. U seni Robbingning roziligiga yaqinlashtiradi”, dedi. Men undan: “Qaysi amalni?” deb so‘radim. U: “Robbingga doimiy itoat, musulmonlarga xizmat va ularga nasixat dedi.
 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV