Shu yil 31 iyul kuni Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov, bir qator tashkilotlar vakillari va tanlov ishtirokchilari qatnashdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan viloyat hokimi Botir Zaripov tanlov ishtirokchilarini samimiy tabriklab, bu kabi tadbirlar diniy soha vakillarining bilim va malakasini oshirish bilan birga, ular o‘rtasidagi hamjihatlik va hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Musobaqada “Ibn Sino”, “Boboyi Samosi”, “Abu Bakr Kalabodiy”, “Abduxoliq G‘ijdivoniy”, “Poykandiy”, “Renessans”, “Poyi Kalon”, “Chor Bakr”, “Mohitabon”, “Sayyid Amr Kulol”, “Xoja Romitaniy”, “Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy”, “Naqshband”, “Abu Hafs Kabir”, “Mir Arab” va “Mahmud Tarobiy” jamoalari ishtirok etdi.
Bellashuvda jamoalarga diniy-ma’rifiy, tarixiy va umumiy bilimlarga oid savollar berildi. Qizg‘in va bahsli muhitda o‘tgan tanlovda ishtirokchilar o‘z bilim saviyasi, mantiqiy fikrlashi va jamoaviy hamkorlik qobiliyatini namoyon etdi.
Yakunda Buxoro viloyati hokimining kubogi “Poykandiy” jamoasiga topshirildi. Sovrinni viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov hamda viloyat hokimi o‘rinbosari Azizbek Qalandarov tantanali ravishda taqdim etdi. Shuningdek, boshqa jamoalar ham esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Siz hech qachon yutqazmaydigan, kasodga uchramaydigan uchta tijoriy kelishuv haqida eshitganmisiz? Unda ushbu oyatga quloq tuting:
"Albatta, Allohning Kitobini tilovat qiladiganlar,
- namozni to‘kis ado etib,
- Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora nafaqa qiladiganlar hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar" (Fotir surasi, 29-oyat).
Izoh: "..hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar". Bu ushbu oyatning asosiy xulosasidir. Dunyodagi tijoratda foyda ham, zarar ham bo‘lishi mumkin. Lekin yuqorida sanab o‘tilgan uch amalni – Qur’on tilovati, namoz va infoqni – bajargan insonlar Alloh bilan bo‘lgan "tijorat"dan hech qachon yutqazmaydilar. Bu tijoratning foydasi bu dunyoda ham, u dunyoda ham bo‘ladi. Bu dunyoda qalb xotirjamligi, baraka, hayotda ma’no topish kabilar, u dunyoda esa Allohning roziligi, jannat va abadiy saodatdir. Bu tijorat – haqiqiy va abadiy muvaffaqiyatdir.
Doktor Ahmad Iso Ma’soraviy