Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov
«Hech shubha yo‘qki, Alloh taolo Toha va Yasiynni osmonlaru yerni xalq qilishidan ming yil avval qiroat qilgan. Farishtalar Qur’onni eshitganlarida, ushbu narsa nozil bo‘ladigan ummatga Tubo bo‘lsin! Ushbuni ko‘tarib yuradigan qalblarga Tubo bo‘lsin! Ushbu ila gapiradigan tillarga Tubo bo‘lsin!» degan».
Bag‘oviy rivoyat qilgan.
Sharh: Ushbu rivoyatda ham Qur’oni Karimning fazli qanchalar ulug‘ligini ko‘rsatuvchi ma’nolar kelmoqda. Albatta, bunda ham Qur’oni Karimni o‘rganishga, qiroat qilishga va amal qilishga targ‘ib bor.
Ushbu hadisi sharifda Qur’oni Karim nozil bo‘ladigan ummatga, Qur’oni Karimni ko‘tarib yuradigan qalblarga va Qur’oni Karim ila gapiradigan tillarga «Tubo» bo‘lishi xabar qilinmoqda.
«Tubo» jannatning nomlaridan biri yoki jannatdagi daraxtning ismi yoxud saodat va yaxshilik ma’nolarini anglatadi. Bularning hammasi ahli Qur’onga va’da qilinmoqda.
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Qur’oni Karimning fazilati ulug‘ ekani.
2. Alloh taolo Qur’oni Karimning Toha va Yasiyn suralarini osmonlaru yerni xalq qilishidan ming yil avval qiroat qilgani.
3. Farishtalar Qur’onni eshitganlarida u nozil bo‘ladigan ummatga havas qilganlari.
4. Qur’oni Karim nozil bo‘lgan ummat – Muhammad ummatiga «Tubo» jannati hamda saodat va yaxshilik bo‘lishi.
5. Qur’oni Karimni ko‘tarib yuradigan qalblarga «Tubo» jannati hamda saodat va yaxshilik bo‘lishi.
6. Qur’oni Karim ila gapiradigan tillarga «Tubo» jannati hamda saodat va yaxshilik bo‘lishi.
Hadis va hayot,
“Qur’on fazilatlari” kitobidan.